Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegasiya Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo`lib turibdi. Tashrif doirasida Tanzila Narbaeva Milliy Assambleya Spikeri Kim Chjin Pxyo bilan muzokara o`tkazdi.
O`zbekiston va Janubiy Koreya o`rtasidagi do`stlik hamda alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, madaniy-gumanitar, ayniqsa parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlararo hamkorlik samarali yo`lga qo`yilgani, parlament rahbarlarining o`zaro tashriflari doirasida amaliy kelishuvlarga erishilgani, do`stlik guruhlarining o`zaro muloqot faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O`zbekiston va Koreya hududlararo hamkorligini kengaytirish, xususan mahalliy Kengashlar o`rtasida aniq chora-tadbirlar ko`rsatib o`tilgan qo`shma dasturni qabul qilish orqali hududlardagi deputatlar o`rtasida yaqin aloqalar o`rnatish yuzasidan fikr almashildi.
Koreya O`zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi etakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Shu nuqtai nazardan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Oxirgi 5 yilda tovar aylanmasi ikki baravar oshdi. 2022 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 23,3 foizga o`sdi va 2,34 mlrd dollarni tashkil qildi. 2025-yilga borib mazkur ko`rsatkichni 5 mlrd dollarga etkazish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi aytib o`tildi.
Xususan, aniq maqsadlarga e`tibor qaratilib, qator qo`shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ishlab chiqarish korxonalarini zarur infratuzilma bilan ta`minlash, noyob metallarni o`zlashtirish, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi yo`llar barpo etish borasida hamkorlikni kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar ham tomonlarning diqqat markazida bo`lib, ta`lim va kadrlar tayyorlash yo`nalishlaridagi qo`shma dasturlarni amaliy mazmun bilan boyitish takliflari ilgari surildi.
Mamlakatlar pozisiyalarining yaqinligidan kelib chiqib, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT institutlari va boshqa tuzilmalar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlashga, ko`p qirrali hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo`nalishlari bo`yicha ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga kelishib olindi.