O`zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmanov o`zining diplomatik missiyasini yakunlayapti. Bu haqda “Dunyo” Axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Malayziya tashqi ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan O`zbekiston elchisi Ravshan Usmanov bilan uchrashuv tashkil etilgan. Uchrashuvda Malayziya O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkor sifatida ko`rishini va Toshkent bilan hamkorlikning barcha jabhalarini yana-da kengaytirish tarafdori ekani qayd etilgan.
Suhbat chog`ida yuqori va oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi o`zaro aloqalarni diversifikasiya qilish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratilgan.
Malayziya tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Muhammad bin Alamin elchiga so`nggi yillarda ikki davlat o`rtasidagi hamkorlikni jadal sur`atlarda rivojlanishiga qo`shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirgan.
Tomonlar yuqoridagi yo`nalishlarda hamkorlikni yana-da kengaytirish bo`yicha mavjud salohiyatni ro`yobga chiqarish bo`yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilish maqsadida diplomatik aloqalarni davom ettirishga kelishgan.
Ma`lumot uchun, Ravshan Usmanov 2018 yildan buyon O`zbekistonning Malayziyadagi elchixonasini boshqarib kelmoqda. Unga qadar diplomat O`zbekistonnining Fransiyadagi elchisi, shuningdek, Italiya va Portugaliyadagi o`rindoshlik asosidagi elchi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari lavozimlarida ishlagan. Ilgari Ravshan Usmanov TIVning Evropa davlatlari va NATO bilan hamkorlik bo`yicha boshqarmasini boshqargan.