Hukumat qarori (495-son, 25.09.2023 y.) bilan “Diniy bag`rikenglik” ko`krak nishoni to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Ko`krak nishoni bilan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va etuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi.
Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ham ko`krak nishon bilan taqdirlanishi mumkin.
Ko`krak nishoni bilan taqdirlash bo`yicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- nomzod haqida ma`lumotnoma;
- nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);
- nomzodning so`nggi 3 yil davomida diniy-ma`rifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini ta`minlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bag`rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma.
Ko`krak nishoni har yili 16 noyabr – Xalqaro bag`rikenglik kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi.
Ko`krak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (1 mln 320 ming so`m) miqdorida bir yo`la to`lanadigan pul mukofoti beriladi.