1

XV TOShKENT XALQARO KINOFESTIVALI: BESh QIT`A, 52 MAMLAKAT, 300 MEHMON

Madaniyat 29.09.2023, 13:15
XV TOShKENT XALQARO KINOFESTIVALI: BESh QIT`A, 52 MAMLAKAT, 300 MEHMON

Joriy yilning 29 sentyabr – 2 oktyabr kunlari “Ipak yo`li durdonasi” XV Xalqaro Toshkent kinofestivali bo`lib o`tadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi qaroriga asosan qayta tiklangan ushbu kinofestival Yangi O`zbekistonda uchinchi  bor o`tkazilmoqda.

Mazkur kinofestivalda dunyoning 52 davlatidan 300 ga yaqin kinoijodkorlar, aktyor va aktrisalar, rejissyor va operatorlar, prodyuser va tahlilchilar ishtirok etadi. Bu yilgi kinofestival “Kino 5 kunda”, “Milliy kino”, “Markaziy Osiyo kinosi”   tanlovlari, 100 dan ortiq tadbirlar, taqdimot va namoyishlar, davra suhbatlari va mahorat darslarini o`z ichiga oladi. Kinofestival joriy yilgi Kann (Fransiya) kinofestivalida g`olib topilgan, fransuz rejissyori Jyustin Triening "Qulash anatomiyasi" (Anatomie D'Une Chute) filmi bilan ochiladi.

Bu yilga kinofestivalga Sami Naseri, Frederik Difental (Fransiya), Emir Kusturisa (Serbiya), Fedor Bondarchuk (Rossiya), Kshishtoff Zanussi (Polsha), Paula Karruega (Argentina) singari dunyo kinosining taniqli namoyandalari ishtirok etadilar. Kinofestival tadbirlari, kino namoyishlari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg`ona, Urganch singari yirik shaharlarida o`tkaziladi.

O`tmishga nazar

Ma`lumki, Toshkent sovet davrida ham turli anjumanlar, yirik san`at va sport bayramlariga mezbonlik qilgan. Ana shunday mashhur tadbirlardan biri o`z vaqtida dovrug`i jahonni tutgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivali edi.

  O`tgan asrning 60-yillarida sobiq ittifoq rahbariyati tinchlikparvarlik siyosatiga asoslangan bir qator yirik anjumanlar o`tkazishni yo`lga qo`ygandi. Aslida 1958 yilda ham bir marotaba Osiyo va Afrika xalqlari kinofestivali o`tkazilgan. 1968 yilda esa sobiq ittifoqning Kino arboblari uyushmasi tashabbusi bilan Toshkentda “Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar ozodligi uchun” shiori ostida mazkur festivalni an`anaviy tarzda o`tkazish yo`lga qo`yildi.

 1968 yildagi 1-festivalning ochilish marosimi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri binosi oldidagi maydonda o`tkazilgan. Maydonda festivalda vakillari qatnashayotgan 49 davlat bayroqlari hilpirab turgan. Mazkur festival o`zbek kinorejisseri Komil Yormatovning “Osiyo ustida bo`ron” badiiy film bilan ochilgan.

Ellarni va dillarni birlashtirgan

 Mazkur festivalning asosiy maqsadi filmlarni tanlov asosida saralash bo`lmagan. Shunga qaramay, keyinchalik, jamoat tashkilotlari tomonidan eng yaxshi filmlar uchun maxsus mukofotlar va diplomlar ta`sis etilgan. Jumladan 1972 yilda “Suhbat” (Hindiston, rejisser M.Sen) Butunittifoq kinematograflar uyushmasi mukofoti bilan, «Emitay» (Senegal, rejisser S. Usman) «Sovetskiy ekran» jurnali mukofoti bilan, 1974 yilda «Tun va qafas» (Misr, rejisser A. Faxmiy) «Sharq yulduzi» jurnali mukofoti bilan, «Yolg`iz odamning uchrashuvlari» (Meksika, rejisser S. Olxovich) Butunittifoq kinochilar uyushasi mukofoti bilan taqdirlangan. 1982 yilda «Amok» (Marokash-Senegal, rejisser Ben Barka) filmi ham mazkur mukofotga loyiq ko`rilgan.

Kinofestivalda 1982 yilda eng ko`p – 90 ta mamlakat vakillari ishtirok etgan. O`zbekiston tarixida o`shanga qadar bunday yirik anjuman o`tkazilmagan. Tadbirda ilk bor Chili vatanparvar kuchlari, Falastin Ozodlik tashkiloti, BMT va YuNESKO vakillari ham ishtirok etishgan.

Festival o`z nizomiga ko`ra, har ikki yilda bir marotaba o`tkazilgan. Faqat ikki marotaba – 1970 va 1990 yillardagina bu an`ana ma`lum sabablarga ko`ra buzilgan.

1976 yildan boshlab, festivalga Lotin Amerikasi kinematograflari ham qo`shilgan. Katta avlod vakillarining eslashicha, festival kunlari poytaxt haqiqiy ma`noda katta bayram va shodiyona maskaniga aylangan. Poytaxt kinoteatrlarida festivalga taqdim etilgan kinofilmlar namoyish qilingan. Festival ishtirokchilari uchun bir qator madaniy tadbirlar, qiziqarli uchrashuvlar tashkil qilingan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1