1

Bolani qo`rqitmang, asorati yomon!

SUG'DIYONA 26.10.2016, 11:38
Teglar: Farzand, Ona, Ota, Ota-ona, Oila, Bola, Ona va bola
Bolani qo`rqitmang, asorati yomon!

Kichkintoyingiz qaysarlik qilganida uni albatta so`zingizga kirishga majburlaysiz. Bunda ko`pincha qo`rqitish usulini tanlaysiz. Masalan? u «dori ichmayman» deb xarxasha boshlasa, darrov «do`xtirni chaqiraman, ukol qiladi», deysiz. Bola qo`rqqanidan «zahardekkina» tabletkani shu zahotiyoq yutib yuboradi. Yoki uzun qish kechalarida bola hadeganda uxlayvermasa, «ajinalarga berib yuboraman» deya dag`dag`a qilasiz. Shu gapni eshitganidan keyin bolakay ko`zlarini qattiq yumib oladi. Xullas, mana shu qo`rquv hissi bola ruhiyatida saqlanib qoladi. Ulg`ayganida dev-ajinalar haqida eshitsa, qo`rqmaydi-yu, lekin vujudi seskangandek bo`ladi. Demak, bolaligida his etgan qo`rquv tuyg`usidan «asorat» qolgan!

Qo`rquv ifodasi

Ruhshunos olimlarning aniqlashicha, qo`rquv bolada bir necha holatlar orqali ifodalanar ekan. Masalan:

  • agarafobiya — maydoncha yoki ko`chada yurishdan qo`rqish;
  • kaustrofobiya — eshikni berkitib, uyda o`tirishdan qo`rqish;
  • monofobiya — uzoq vaqt yolg`iz qolishdan qo`rqish;
  • nazofobiya — kasal bo`lishdan qo`rqish;
  • eyrotrofobiya — ko`pchilik oldida uyalib qolishdan qo`rqish.

Fobiyaning asoratlari

Go`dakdagi qo`rquv holati o`z-o`zidan jur`atsizlikni yuzaga keltiradi. Chunki bunda bolakayning irodasi susayib, o`ziga nisbatan ishonchi yo`qoladi. Shu holat bora-bora vahimachi bo`lib qolishga olib keladi. Vahima esa anchagina xastaliklarni keltirib chiqarishini yaxshi bilamiz.

Aytaylik, bola qorong`ulikdan qo`rqadi. U qo`rqqan paytda bosh miyasidagi qo`rquvga nisbatan asab markazi boshqa asab markazlarini tormozlab, qorong`ulikdan himoyalanishni yuzaga keltiradi. Kichkintoy qorong`ulikka qaragani sari turli qo`rqinchli sharpalar bosh miyasida aks etadi. Shunda u hadiksirab, qorong`ulikka qarayveradi, asta-sekin vahimaga tushadi. Qarabsizki, bu ruhiy holat fiziologik o`zgarishlarni vujudga keltiradi: yuragi gupillab tez uradi, ko`z qorachiqlari kengayadi, qon bosimi pasayadi, rangi oqarib, sovuq ter bosadi. Ba`zan qattiq qo`rquv ta`sirida bolada nutq faoliyati buzilishi, og`iz qiyshayib qolishi kuzatilishi, yoki u hushdan ketishi ham mumkin.

Bola o`spirinlik yoshiga etganda qorong`ulikdan qo`rqishi, atrof zim-ziyo bo`lganda hadiksirashi ko`pincha odat tusiga kiradi. Natijada bu hadik ortida bola o`zining ko`plab qobiliyatlarini boy beradi, hatto uning iqtidori yo`qqa chiqadi.

Umuman, ayrim o`smirlarning ko`pchilik oldida so`zlashdan uyalishi, hatto fikr va maqsadlarini birovga aytishdan iymanishi bolaligidagi qo`rquvlar «asorati»dir. Bundaylar bora-bora odamovi bo`lib qolishadi, kichikligida ko`p qo`rqitishgani bois o`zlaridagi iqtidorni yuzaga chiqarolmay qiynaladi.

Duduqlansa, jazolamang!

Aksariyat hollarda bolalarda duduqlanish ularning 3 yoshida yoki maktabga tayyorgarlik oldidan paydo bo`ladi. Olimlarning kuzatishicha, bu vaqtda qo`rquv hissi kuchayib, bolaning asab tizimida zo`riqishlar yuz beradi. Ayniqsa, ilk bor bog`chaga borgan yoki 1-sinfga chiqqan bolalar qo`rquv hissini har lahzada sezib turishadi. Shuning uchun ular yangi joyga moslasholmay qiynaladi. Bu esa bolalarda duduqlanishni keltirib chiqaradi.

Qo`rquv tufayli duduqlanadigan bolalarni ota-ona battar siquvga olishadi. Hatto unga «to`g`ri gapir» deb qo`l ko`tarishi ham mumkin. Bu esa boladagi kasallikni yanada kuchaytiradi. Kattalar duduqlanadigan bolalarga qo`pollik qilish, ularni jazolash va uyaltirishdan saqlanishlari kerak. Shundagina bola asta-sekinlik bilan to`g`ri gapirishga o`rganadi. Agar bolaga etarlicha mehribonlik ko`rsatilmasa, uni oiladagi kattalar huda-behuda qo`rqitaversa, kichkintoyning ruhiyati shikastlanadi. Dahshatli filmlarni ko`rish ham bola asab tizimi faoliyatini susaytirishi mumkin.

Irodali bo`lsa, dard yuqmaydi

Doim qo`rquv ostida yashagan bolaning fe`l-atvori yomon tomonga o`zgaradi. Yomon xulq esa mizoj buzilishlariga ham olib keladi. Shunday ekan, bolani oiladagi nosog`lom muhit va qaltis vaziyatlardan yiroq tutish zarur.

Farzandlari dovyurak va qo`rqmas bo`lib o`sishlari uchun ota-ona qunt va chidam bilan harakat qilmog`i kerak. Masalan, jismoniy tarbiya mashg`ulotlari bola irodasini chiniqtiradi. Buni hech bir ona unutmasligi lozim. Agar bolaning irodasi kuchli bo`lsa, jismonan va ruhan sog`lom holda voyaga etadi. Qo`rquv hissi esa uni har jihatdan ojiz qilib qo`yadi.

Xulosa

Farzandlarimizni qo`rqitib yoki unga dag`dag`a qilib emas, yaxshi muomala va shirin so`z bilan yo`lga solishimiz kerak. Unutmaylikki, qo`rqoq bola jur`atsiz bo`lib, biror maqsad yo`lida kurashishga o`zida kuch topa olmaydi. Qo`rquv hissi asoratlari keyinchalik bolaga aziyat etkazmasligi uchun uni salbiy voqea-hodisalardan asrab yashamog`imiz shart.

Ruhshunos  Zulxumor AZIZOVA tavsiyalari asosida

G.JAMILOVA tayyorladi

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Farg`onada bolalarni majburan onaga olib berish ijrosi kutilmagan tus oldi

13.12.2019, 19:35

Majburiy ijro byurosi organlarida davlat ijrochilari turli xil qizg`in voqealarga guvoh ham bo`lib qolishadi. Xususan, fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 2019 yil 17 sentyabrdagi ijro...
Buxoroda onadan 3 nafar farzandi uchun aliment puli undirildi

12.12.2019, 16:14

Aksariyat hollarda farzandlar ta`minoti uchun otalardan aliment undiriladi. Shundan farqli o`laroq bu ijro ishida aliment onadan undirildi.F.Ya. Buxoro shahrida tug`ilgan I.J. bilan turmush qurib, 3...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1