AsosiySiyosat

Yoshlar huquqlariga bag`ishlangan Markaziy Osiyo yoshlar forumi o`z ishini boshladi

'Yoshlar huquqlariga bag`ishlangan Markaziy Osiyo yoshlar forumi o`z ishini boshladi'ning rasmi

2023 yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi xalqaro forumning ochilishi noan`anaviy tarzda – ma`naviy-badiiy sahna namoyishi bilan boshlandi. Muhtasham majlislar zali uzra O`zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi iqtidorli yoshlar ijrosida o`zbek, ingliz va rus tillarida yangradi. 

Ushbu xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb e`lon qilingan tarixiy sana – 24 oktyabr arafasida o`tkazilayotganida o`ziga xos ramziy ma`no bor. Markaziy Osiyo yoshlar forumi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar dasturi” doirasida o`tkazilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumni ochar ekan, ushbu jahon anjumanining o`ziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini ko`rsatadigan quyidagi mezonlarni alohida ta`kidladi:

birinchidan, Markaziy Osiyo yoshlar forumi Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo`yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligini keng nishonlash doirasida bo`lib o`tmoqda;

ikkinchidan, mazkurForum aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta`minlash bo`yicha birdamlik va hamkorlikni o`zida ramziy ifodalaydi;

uchinchidan, Forum O`zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko`maklashish bo`yicha Ishchi guruhni tashkil etish to`g`risidagi tashabbusini amalga oshirish doirasida o`tkazilmoqda; 

BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi nomidan – YuNISEFning O`zbekistondagi vakili v.b. Jofri Ijumba Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti amaldagi raisining Yoshlar masalalari bo`yicha maxsus vakili Memet Jaku hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi vakili Muhammad Laval Sulaymonning qutlov so`zlari tinglandi.

So`zga chiqqanlar Markaziy Osiyo yoshlar forumi uning ishtirokchilari uchun yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini ta`minlash hamda himoya qilish mexanizmlari bo`yicha zaruriy bilimlarga ega bo`lish, o`zaro tajriba almashish, dolzarb g`oya va loyihalarni ro`yobga chiqarish uchun qulay axborot-ma`rifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdilar. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar, O`zbekiston va dunyo yoshlari vakillari o`rtasida bo`lib o`tadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishiga e`tibor qaratildi.

Shundan so`ng jahon anjumani o`z ishini uchta yalpi majlis doirasida davom ettirdi.

Yoshlar va global chaqiriqlar: barqarorlik va tinchlikni qo`llab-quvvatlash. Markaziy osiyo yoshlar forumining birinchi yalpi majlisida shu haqda so`z bordi. Bunda, avvalo, Nyu-York shahrida bo`lib o`tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev yoshlar sohasida yana bir muhim tashabbus – BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko`maklashish bo`yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qilgani ta`kidlandi. Ushbu tashabbus mintaqa yoshlari huquqlarini ta`minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning yaqqol namunasidir.

Shuningdek, O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2023 yil 15 sentyabrda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari yoshlarni jamiyatning madaniy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga yanada keng jalb etish uchun shart-sharoitlarni ta`minlashga qaratilgan “Yoshlarga oid siyosatning umumiy yo`nalishlari to`g`risida bitim”ni imzoladilar. Ushbu mintaqaviy hujjatni qabul qilishdan maqsad yoshlar siyosati sohasida hamkorlikni mustahkamlashdir.

Birinchi yalpi majlisga BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`linmasi rahbari Matilda Bogner, O`zbekiston RespublikasiYoshlar ishlar agentligi direktorining o`rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova moderatorlik qildi.

BMTTDning zo`ravon ekstremizmning oldini olish masalalari bo`yicha xalqaro eksperti Jozef Gayt, xalqaro ekspert Damir Tuzmuxammedov, O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi raisi Otabek Shavkatov, nogironligi bo`lgan shaxslar huquqlari bo`yicha faollar – Aliya Turdieva (Qirg`iziston) va Firuza Rasmuxamedova (O`zbekiston), Fridrix Ebert nomidagi jamg`armaningO`zbekistondagi vakolatxonasi loyiha menejeri Boburshoh Alimovning ma`ruzalari tinglandi.

Kelgusida yoshlar huquqlari sohasidagi amaliy ishlar va siyosiy tashabbuslar uchun poydevor bo`lib xizmat qiladigan qarorlar va tavsiyalar ishlab chiqish uchun amaliy takliflar ilgari surildi. Davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari o`rtasida yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi. 

So`zga chiqqanlarning fikricha, yoshlarni ularning huquqlari va manfaatlari bilan bog`liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish jarayonlariga jalb etish juda muhim. Navqiron insonlarning teng imkoniyatlarini ta`minlash, salohiyatini o`stirish va hayotini farovonlashtirishga qaratilgan dastur hamda loyihalarning amalga oshirilishi va rivojlantirilishini rag`batlantirish zarur.

Inson huquqlari bo`yichaO`zbekiston Respublikasi
Milliy markaziningmatbuot xizmati

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar