1

Ogohlik: Parvoz ko`rmagan qanotlar

Jinoyat 28.10.2016, 14:49
Ogohlik: Parvoz ko`rmagan qanotlar

“Hayotda har bir inson taqdir sinovlariga duch kelishini yoshligimdan ko`p bora eshitganman, lekin kun kelib ayovsiz taqdir atalmish kuchning  men uchun ham tayyorlab qo`ygan sinovlariga giriftor bo`lishimni hatto tasavvur ham qilib ko`rmagan edim... Tani boshqa dard sezmas deganlaridek faqat o`z boshimga bunday kunlar tushganida uning mashaqqatini sezdim...” 

Shohidaning yon daftaridan

Maktabda to`rt dugona ancha sirdosh bo`lib qolgandik. Tanaffus vaqtida ham bir-birimizdan ajralmasdik. Oramizda Shohida dugonamiz ancha aqlli, sermulohaza qiz edi. Nilufar va Zilola tabiatan sho`x-shodon, o`yinqaroq edilar. 

Gohida to`rt dugona bir-birimizning uyimizda kechgacha dars tayyorlab, tunab ham qolardik. Bundan ota-onalarimizning ham ko`ngillari to`q edi. Sababi, bir mahallada yashar edik. 

Maktabni tamomlagach, bitta kollejda o`qishni davom ettirdik. 

Biz hayotdan mamnun edik. Kelajakka katta umidlar bilan boqardik. Ayniqsa, Shohida parvozga shaylanayotgan qushga o`xshardi. U tanlagan sohasida etuk mutaxassis bo`lib etishishga va ona Vataniga xizmat qilishni katta sharaf deb bilardi. 

Kollejda o`qishni boshlagan kezlarimiz negadir Shohida o`zgarib qoldi. U qaysi mavzuda gapirmasin din bilan bog`lar, eng xatarlisi, o`zi uning mazmuniga tushunib etmasdan so`zlardi. Biz esa bunga hayron qolgancha indamasdik. 

Men dugonamning hayotida bo`layotgan bunday o`zgarishlarning sababini bilishni istardim. Kunlarning birida mutaxassislik fanlaridan berilgan uy vazifalarni bajarish uchun Shohidaning xonadoniga bordik. Ana shunda dugonamning uyida g`alati holga guvoh bo`ldim. Shohidaning darsxonasiga kirar ekanmiz, hovli to`rida joylashgan mehmonxonaga ko`zim tushdi. U erda uzun soqol qo`ygan (chamasi, 35-40 yoshlarda) odam besh-olti kishiga diniy mavzuda ma`ruza o`qiyotgan ekan. Ular orasida Shohidaning otasi va akasi ham o`tirardi. Ular gohida baland ovozda arabcha aralash nimalardir gapirishardi. 

Bu holdan ko`nglimda qandaydir g`ashlik paydo bo`ldi. Bu haqda Shohidadan sekingina so`radim. Dugonam ular tomon olazarak qarab qo`yarkan, sekingina shunday dedi: “Bu kishi mehmon, biznikida vaqtinchalik yashab, ana shu o`tirgan kishilarga dinda buyurilgan ba`zi amallardan saboq bermoqda”. 

Meni dastlab ajablanartirgan hol shu ediki, uyning ostonasidan kirishimiz bilan Shohida boshiga ro`molni hijob ko`rinishida o`rab oldi. Avzoyi ham o`zgarib, muomalasi xuddi otinoyilarga o`xshab o`zgarib qoldi... Keyin, negadir o`zini bizdan begonaday tuta boshladi... 

Shu zaylda kunlar o`ta boshladi. Shohida vaqt o`tgan sari bizdan uzoqlashar, begona bo`lib borar edi. Endi u hijobni o`qishda ham echmaydigan bo`ldi. Lekin men dugonamning aslida unday emasligini ich-ichimdan sezardim. 

Dastavval sinf rahbarimiz, so`ngra ma`naviyat ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari Shohidaning yurish-turishida, dunyoqarashida keskin o`zgarishlar bo`layotganini o`ziga alohida ta`kidlashdi, ammo buning foydasi bo`lmadi. U o`qishga kelmaydigan bo`lib qoldi. Men qadrdon dugonamni vaqt o`tgan sari yo`qotayotgan edim. Axir biz u bilan qilgan orzu-umidlarimizning barchasi nahotki chippakka chiqayotgan bo`lsa... 

Kuzning oxirlarida Shohida o`qishga keldi. Ming afsuski, u bu gal boshqa maqsadda kelgan ekan. 

Uch dugona uni o`rtaga olib, rosa savolga tutdik. Axir ikki oydan buyon u qorasini ham ko`rsatmagandi. U negadir indamasdi. G`amginlik, tushkunlik ummonining tubsiz chuqurliklariga unsiz cho`kayotgan kema misol nigohlari ma`yus edi. 

Keyin bilsak, u bizni to`yiga taklif qilgani kelgan ekan... 

Bu gapdan biz dahshatga tushdik. Axir, hali dugonamizning nikoh yoshiga kirmagani ko`rinib turibdi-ku... 

Eng dahshatlisi, uning bo`lajak eri – o`sha biz Shohidaning uyida ko`rgan soqolli kishi edi... 

U bizning ta`nalarimizni jimgina eshitar, ko`zidagi yoshlarni artardi. 

Nahotki uning ota-onasi shu qadar tubanlikka yuz tutsalar?! 

Adog`i yo`q savollar meni tongga qadar qiynadi. O`sha kecha men uxlamay chiqdim. Ko`z oldimdan Shohidaning erga tekkudek, uzun qora ko`ylagi ketmay qoldi. Men tinmay dugonamni bu tubsiz jarlikdan qanday qutqarishni o`ylardim. Afsuski, buning ilojini topolmay qiynalardim. 

Noqonuniy nikoh o`qildi... 

Shundan so`ng anchagacha uni ko`rmadik. 

Umr daryosi o`z oqimida oqardi.

Nilufar respublika olimpiadasida g`olib bo`lib davlat granti asosida o`qishga qabul qilindi. Zilola bo`lsa bankka ishga joylashdi. Men esa o`qishga kira olmadim. Keyingi yil nasb qilsa albatta o`qishga kirib, kelajakda boshlang`ich sinf o`qituvchisi bo`lish niyatidaman. 

Bir kun uyga kelsam, ne holki milisiya xodimi meni so`rab kelibdi. 

Avvaliga hech narsani tushunmadim. Ma`lum bo`lishicha, milisiya xodimi meni Shohidaning yaqin dugonasi ekanligim uchun ba`zi ma`lumotlarni bilish maqsadida kelgan ekan. 

Suhbat davomida dugonam hozirgi kunda Iroqdaligi, turmush o`rtog`i halqaro qidiruvda ekanligi ma`lum bo`ldi. Dugonamning qay ko`ylarga tushib yurganini o`ylab, vujudim junjikib ketdi... 

Milisiya xodimi menga daftar tutqazdi. Uni o`qir ekanman, ko`zlarimga kelgan yoshni to`xtata olmadim. 

Bechora dugonamiz biz qolib mana shu qalin daftarga bor hasratlarini to`kib solibdi. U kelajakka qanchalik umid bilan qaraganlari-yu, johil otasiga bosh egishga majbur bo`lgani, qizini himoya qilgan onasi otasidan egan kaltaklari, turmush o`rtog`ining g`ayrioddiy qiliqlarini armon bilan yozibdi... 

Qiziq, bir paytlar “Aldangan ayol” filmini dugonamiz bilan birga ko`rib, yuraklarimiz larzaga kelgandi. Shohida o`shanda aytgan gaplari ham quloqlarimiz ostidan ketmay qolgandi. U: “ayollar nega osongina shunaqa tuzoqqa ilinib qoladi?” degandi. 

Endi o`zining qismati ne kechayotgan ekan? 

Eri gumdon bo`lib ketgan bo`lsa, uni endi boshqa soqolliga tortiq qilib yuborishdimikin? 

Bu ham kamlik qilgandek, Shohidaning otasi va akasi ham qandaydir jangari harakatlarda ishtirok etayotgan to`daga borib qo`shilib, ko`p o`tmay ayanchli holda o`liklarining surati kelganmish... 

Shunda birdan o`zimni ayblay boshladim. Xo`sh, Shohida oilada shunday ko`yga tushib qolgan ekan, nega biz jim yuraverdik? Axir, ularning uyidagi xatarli holdan xabardor edik-ku? Bir kuni maktabimizga kelib “Diniy aqidaparastlikning oqibatlari” mavzuida juda ta`sirli ma`ruza qilgan milisiya xodimlariga dugonamizning uyida ko`rganlarimizni aytishni hatto o`ylab ham ko`rmadik? Nechun loqaydlik botqog`iga botib yuraverdik?.. 

Biz-ku yoshlik qilibmiz. Shohidalarning qo`ni-qo`shnilari, mahalla-ko`ydagi katta yoshdagilar nega beparvo qaradilar? 

O`sha tun men uchun yana bedorlikda o`tdi. 

Sho`rlik Shohida bir paytlar parvozga shaylanayotgan qushga o`xshardi. U baxt-u iqbol osmoniga parvoz qilishni istardi. Uning qanotlari – bilimi va noyob iste`dodi edi. U ana shu qanotlari ila har qanday cho`qqini zabt etishga qodir edi. Ne holki, uning bu noyob ma`naviy qanotlari beayov sindi. Yo`q, u qandaydir tasodifdan sinmadi, balki, ko`rib-bilib turib o`z qo`li bilan sindirdi... 

Bunda hammamiz aybdormiz. Qanoti qayrila boshlagan dugonamizni bu quzg`unlardan asrab qolish uchun kurashmadik. Uning jarga qulashiga, ayanchli qismatiga befarq qarab turaverdik. Bunday befarqlik aslida – uni jarga itarayotganlarga sherik bo`lish bilan tengligini tushunib etmadik... 

Tun bo`yi ko`zyoshlarimni tiya olmadim. Ko`z oldimdan dugonamning ajib tabassumi hech ketmasdi... 

Ming afsuski, endi hammasi tushga aylangandi... 

“Gulira`no”

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1