1

O`zbekiston Afg`oniston bilan qariyb 1,2 milliard dollarlik eksport-import shartnomalari imzoladi

Iqtisodiyot 30.10.2023, 22:09
O`zbekiston Afg`oniston bilan qariyb 1,2 milliard dollarlik eksport-import shartnomalari imzoladi

Kecha O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari Jamshid Xodjaev boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi Kobul shahrida bo`ldi.

Tashrif doirasida O`zbekiston delegasiyasi rahbari va Afg`oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Abdul G`ani Barodar o`rtasida tor doiradagi uchrashuv bo`lib o`tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat investisiyalar, sanoat va savdo, qishloq, suv xo`jaligi, tog`-kon sanoati va geologiya, energetika hamda transport vazirlari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va ularning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Afg`oniston tomoniga o`zaro hamkorlikning qator jihatlari bo`yicha takliflar taqdim etildi.

Afg`oniston Bosh vaziri o`rinbosari o`z nutqida mamlakatimiz delegasiyasining Kobulga tashrifini olqishlar ekan, Hirot viloyatida yuz bergan zilzila oqibatida jabrlangan oilalarga ko`rsatilgan insonparvarlik yordami uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

U transport-tranzit masalalari iqtisodiyotni rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi ekanligini ta`kidlagani barobarida Afg`oniston orqali Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoni bog`laydigan transport yo`lagi tashkil etilishi loyihalarida O`zbekiston tomonining ishtirokini yuqori baholadi.

Afg`oniston va O`zbekistonda iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko`pligi va ulardan foydalanish esa o`zaro tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobarga ko`paytirishga xizmat qilishi ta`kidlandi. Afg`onistonlik investorlar, ishbilarmon doiralar vakillari va yuk tashish avtomobillari haydovchilariga viza rasmiylashtirish bo`yicha yangi mexanizm yaratilayotgani uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirildi.

Abdul G`ani Barodar tashrif doirasida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» mahsulotlar ko`rgazmasining ochilishini qutladi.

O`z navbatida, mamlakatimiz Bosh vaziri o`rinbosari Jamshid Xodjaev ham O`zbekiston tomonining turli sohalardagi hamkorlik aloqalari ko`lamlarini kengaytirish va o`zaro ma`lumotlar almashishga tayyor ekanligini ma`lum qildi.

U O`zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 3 milliard dollarga etkazish bo`yicha "Yo`l xaritasi" ishlab chiqilganini ta`kidladi.

O`zbekiston tomoni Afg`onistonda transport/tranzit va elektr ta`minoti bo`yicha keng ko`lamli infratuzilma loyihalarida ishtirok etish, kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini oshirishga tayyorligi yana bir bor ta`kidlandi. Shuningdek, O`zbekistonda ham Afg`onistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko`rgazmasini tashkil etish ma`lum qilindi.

Tashrif doirasida Qobul xalqaro ko`rgazmalar markazida biznes-forum tashkil etildi, unda mahalliy ishbilarmon doiralarning 300 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Biznes-forumda O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari Jamshid Xodjaev, Afg`oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi, Savdo-sanoat palatasi raisi Muhammad Yunus Momand so`zga chiqdi.

Shundan so`ng O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari Jamshid Xodjaev va Afg`oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko`rgazmasini rasman ochib berdi.

Ko`rgazmada namoyish etilgan turli mahsulotlar mahalliy tadbirkorlar va ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi. O`zbekiston mahsulotlari ko`rgazmasi doirasida O`zbekiston va Afg`oniston biznes doiralari vakillarining V2V va G2B muloqotlari tashkil etildi.

Tashrif yakunlari bo`yicha 1 milliard 185 million dollar miqdoridagi eksport/import kelishuvlariga erishildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1