1

Fransiya kompaniyasi O`zbekistonda uran qazib olish uchun 500 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 05.11.2023, 21:40
Fransiya kompaniyasi O`zbekistonda uran qazib olish uchun 500 mln dollar ajratadi

Fransiyaning Orano kompaniyasi O`zbekistonda uran qazib chiqarish va uni qayta ishlash uchun 500 million dollar sarmoya kiritadi. Bu haqda O`zbekiston tog`-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov ma`lum qildi.

Vazirning aytishicha, fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishilgan. Unga ko`ra, kompaniya hozirda geologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgan bo`lib, 2024 yilning oxiriga qadar loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi aytilgan.

Shartnoma bo`yicha Orano kompaniyasi Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi ikkita qo`shimcha maydonda geologik qidiruv ishlarini olib borishi ko`zda tutilgan.

«Barchasini, albatta, texnik-iqtisodiy asoslash hal qilinadi, hozircha hammasi ijobiy ketmoqda. Umumiy sarmoyaning jami hajmi shartnomada 500 million dollargacha qilib belgilangan», deydi Islomov.

Vazirning qo`shimcha qilishicha, O`zbekistonda uran ishlab chiqarishning mavjud hajmlari allaqachon o`z bozorlarini topgan. Yadro yoqilg`isi ishlab chiqarishning oshishi bilan O`zbekiston narxlar kon`yunkturasidan kelib chiqib eksport qilish to`g`risida qaror qabul qiladi.

«Uran bo`yicha kim bilan ishlashishimizdan qat`i nazar, biz jahon narxlariga asoslanganmiz. Agar narx ko`tarilsa, bizda hamma narsa formulalarga bog`liq va etkazib berish narximiz ham ko`tariladi», – deya vazirning so`zlarini keltiradi Spot.

Eslatib o`tamiz, 2023 yilning 2 noyabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O`zbekistonga kelgandi. Shuningdek, u bilan birga bir qator fransuz kompaniyalari, jumladan, Orano raisi ham mamlakatga tashrif buyurgan va Prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashgandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1