Avvalroq, O`zbekistonda madaniyat va san`at xodimlariga uy-joy uchun subsidiya ajratilishi haqida xabar bergan edik.
Mazkur loyiha ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo`lganidan so`ng Madaniyat vazirligi loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda madaniyat va san`at sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy ta`lim tizimida, 2,5 ming nafari o`rta va o`rta maxsus ta`lim tizimida, 12 ming nafardan ortiq o`qituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida, 9 ming nafardan ko`proq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2,9 ming nafardan ortiq san`atkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida mehnat qilib kelmoqda.
“Qolaversa, xalqaro miqyosdagi ko`rik-tanlovlar va festivallarda yuqori o`rinlarni egallab, Vatanimiz nomini ulug`lashga hamda madaniyat va san`at sohasi rivojiga katta hissa qo`shayotgan madaniyat va san`at sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda yashab kelmoqda.Ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san`at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to`y-hasham, tug`ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko`rsatish, qo`shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular o`z kasbiga mehr qo`yib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik mazkur qonun loyihasini huquqiy asoslarini ham keltirib o`tgan.
Unga ko`ra, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to`g`risida"gi qonuni 3-moddasida o`z kasbiy faoliyatini madaniyat tashkilotlarida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs madaniyat xodimi, kasbiy yoki nokasbiy asosda (havaskorlik asosida) madaniy faoliyatning bir yoxud bir necha yo`nalishi bo`yicha ijodiy faoliyat bilan shug`ullanuvchi jismoniy shaxs ijodkor ekanligi ko`rsatib o`tilgan.
Madaniyat va san`at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-o`qituvchi va xodimlarni moddiy qo`llab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash "2022 – 2026 yillarga mo`ljallangan yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 76-maqsadida belgilangan.
Shu bilan birga, prezidentning 2022 yil 2 fevraldagi PQ–112-son qarori 11-bandida Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qo`shimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san`at sohasi vakillariga hamda iste`dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq prezidentning 2021 yil 9 dekabrdagi PF–33-son farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo`lmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qo`yilgan.
“Internet saytlari, ijtimoiy tarmoq sahifalari, rasmiy nashrlar portalida madaniyat va san`at sohasi vakillari sha`ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolg`on, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yo`l qo`ymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirilishini so`rab qolamiz”, - deyiladi xabarda.






