AsosiyJamiyat

1 yanvardan mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so`mgacha oshiriladi

'1 yanvardan mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so`mgacha oshiriladi'ning rasmi

“Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o`rni va ulushini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi

 Qarorga ko`ra, 2024–2026 yillarda quyidagi maqsadli ko`rsatkichlarga erishishga qaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshiriladi:
- mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish;
- mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish;
- mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablag`lar miqdorini 2 barobarga oshirish;
- mikromoliyaviy xizmatlar ko`rsatish orqali rasmiy daromadga ega bo`lmagan 500 mingga yaqin shaxslarni o`zini o`zi band qilish va biznesni rivojlantirishga ko`maklashish.
 2024 yil 1 yanvardan:
- mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so`mdan 100 mln so`mgacha oshiriladi;
- nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi;
- mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablag`larini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko`rsatishga ruxsat beriladi;
- jismoniy shaxs bo`lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablag`larini jalb etishga ruxsat beriladi;
- mikromoliya tashkilotlari tegishli lisenziya olgan holda to`lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo`ladi;
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi. 
- Bunda, olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo`lganda Markaziy bankni xabardor qilish tartibi joriy etiladi;
- mikromoliya tashkilotlariga tijorat banklaridan kredit resurslari jalb etilganda yoki tadbirkorlik sub`ektlariga mikromoliya tashkilotlaridan mikrokredit olinganda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kafilligini berish imkoniyati yaratiladi;
- tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning ko`rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari bo`yicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.

 2024 yil 1 aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi.

 2024 yil 1 yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko`rsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.

 

    Boshqa yangiliklar