AsosiyJamiyat

“Sen iflosni deb, 11 oydan beri shu erda o`tiribman”. Farmasevtika agentligining sobiq rahbari ochiqdagi hamkasbiga jinoyat ishi ochilishini so`radi

'“Sen iflosni deb, 11 oydan beri shu erda o`tiribman”. Farmasevtika agentligining sobiq rahbari ochiqdagi hamkasbiga jinoyat ishi ochilishini so`radi'ning rasmi

Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari, “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha sudlanuvchi maqomiga ega bo`lib turgan S.K. sudda ochiqdagi hamkasbiga jinoyat ishi ochilishini so`radi. Bu haqda "Daryo" yozmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, “Dok-1 Maks” ishini ko`rib chiqayotgan sud 15 noyabr kuni bo`lib o`tgan navbatdagi majlisida 2023 yilning 20 fevralidan yaqin kunlargacha Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligiga rahbarlik qilib kelgan Ulug`bek Egamovni so`roq qildi.

Sudlanuvchi sobiq rahbarning aytishicha, u “Dok-1 Maks” ishi avvalidagi tergovda unga birinchi o`rinbosar bo`lgan Ulug`bek Egamovning barcha kirdikorlaridan xabar topgan. 

Sen zam bo`lib kelganingdan keyin agentlikda barcha qilg`iliqlar boshlangan ekan. Men buni tergov paytida bildim, shu paytgacha ko`zim ko`r bo`lib, bilmay yurgan ekanman. Bu zam bo`lib, yaxshi ishlayapti deb yurgan ekanman. Lekin seni deb, men hozir shu erda o`tiribman, — dedi sudlanuvchi S.K. ochiqdagi hamkasbi Ulug`bek Egamovga murojaat qilar ekan. 

Sudlanuvchining aytishicha, tergov paytida u Hindistonning Kuraraks dorisini (33 ming dollar pora evaziga inspeksion tekshiruvdan olib tashlangan dori vositasi) inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo`yicha agenlikdan topshiriq bo`lgan. Bu ish esa S.K. nomidan Ulug`bek Egamov topshirig`iga ko`ra qilingan.

Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari, sudlanuvchi S.K. sudga guvoh sifatida chaqirilgan Ulug`bek Egamovga yuzlanib, “Kuraraks dorisini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo`yicha menga murojaat qilganmiding”, dedi. Guvoh Ulug`bek Egamov savolga javoban bu bo`yicha unga murojaat qilmaganini bildirdi. Shundan so`ng sudlanuvchi guvohdan dorini inspeksion tekshiruvdan olib tashlash uchun olingan 33 ming dollarning qancha qismi unga tekkanini so`radi.Guvoh bu pullarni ko`rmaganini ma`lum qildi.

Sen iflosni deb, 11 oydan beri mana shu erda o`tiribman. Sud binosidan chiqib ketayotganingda oila a`zolarimning ko`ziga qarab o`tib ketgin, — dedi sudlanuvchi S.K.

Sudlanuvchining guvohni iflos deb ataganiga e`tiroz bildirgan sudya buning uchun javobgarlik borligini eslatdi va sudlanuvchiga sud unga nisbatan chora ko`rishiga majbur qilmaslikni so`radi. Sudlanuvchi S.K. esa Ulug`bek Egamovni iflos deb atagani uchun javobgarlikka tayyorligini aytib, guvohni yana bir bor iflos deb atadi. 

Sudda shuningdek, yana to`rt nafar sobiq mansabdor sudlanuvchi Ulug`bek Egamov agentlikka ishga o`tgan kunidan boshlab, xodimlarga inspeksion tekshiruvga tushgan dorini tekshiruvdan olib tashla, qo`y, qil, tezlashtir degan topshiriqlar ko`payganini ma`lum qildi. Sudlanuvchilar, jumladan Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari S.K.ning aytishicha, Ulug`bek Egamovga nisbatan ham jinoyat ishi ochilishi kerak. 

Sudning avvalgi majlislarida hindistonlik tadbirkor o`ziga tegishli korxonaga inspeksion tekshiruv tushishining oldini olish, shuningdek, O`zbekiston hududiga “Dok-1 Maks” siropi kabi yana bir talabga javob bermaydigan Kuraraks dorisiga ruxsat olishga uringanini aytib, agentlikning sobiq xodimiga 33 ming dollar berganini tan olgandi. Sudlanuvchi S.K.ning sudda qo`shimcha qilishicha, o`sha 33 ming dollar Ulug`bek Egamovga etib borgan. Va u bu pullardan ulush ham olgan. Tergovda unga ma`lum bo`lgani shu. Sir bo`lib qolayotgan kirdikorlar ham bo`lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar