Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18 noyabr kuni boshlangan “Shayx Zoid” festivali doirasida “O`zbekiston” pavilionining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Festival faoliyati davomida paviliondagi misgarlik, kulolchilik, milliy matolar do`konlarida milliy qadriyatlar namoyish etiladi. O`zbek oshxonasida turli taomlar dasturxonga tortiladi va milliy kuy qo`shiqlar tarannum etadi.
Mazkur pavilion O`zbekiston Investisiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag`batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda davlat ramzi hisoblangan O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i qabul qilinganining 31 yilligiga bag`ishlangan tantanali tadbir o`tkazildi.
Festivalning markaziy monitorida O`zbekiston bayrog`i jilolanib, milliy madhiya yangradi, shuningdek 10 daqiqa davomida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag`ishlangan roliklar namoyish etildi.
Diplomatik vakolatxonalar hamda faol vatandoshlar ishtirokida festivalning markaziy maydoni bo`ylab bayroqlar bilan parad uyushtirildi.
Ta`kidlash joizki, “Shayx Zoid” madaniy meros an`anaviy festivali beshinchi marta tashkil etilmoqda. 2023 yil 17 noyabrdan 2024 yil 9 martga qadar davom etadi. Tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari bo`lib o`tmoqda.
Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilionlari, San`at shaharchasi, “Selfie street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilionlari tashkil etiladi.






