AsosiyJamiyat

Yangiyo`ldagi tug`ruqxonada ayol 7 oylik homilasi bilan vafot etdi. SSV tafsilotlarni ochiqladi (video)

'Yangiyo`ldagi tug`ruqxonada ayol 7 oylik homilasi bilan vafot etdi. SSV tafsilotlarni ochiqladi (video)'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda yangiyo`llik homilador ayolning shifoxonada vafot etgani haqida aytilgan videomurojaat tarqaldi.

 Toshkent viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.



"1997 yilda tug`ilgan homilador ayol M.Q. Yangiyul shahridagi tug`uruq muassasasiga shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi yo`llanmasi bilan murojaat qilgan va 2023 yilning 14 noyabr kuni (videomurojaatda aytilganidek, 13 noyabr kuni emas) “Homiladorlik-2, 31-32 hafta, muddatidan avvalgi tug`uruq xavfi” tashxisi bilan qabul qilingan.

Markazda bemor zarur tekshiruvlardan o`tkazilib, davo choralari olib borilgan. Shu kuni kechqurun ayolda ko`ngil aynishi va qayt qilish holati kuzatilgan. Bemor ushbu holatni somsa va salat eyishi bilan bog`lagan. Infeksionist va xirurg ko`riklari tashkil etilib, oshqozon-ichak faoliyati buzilishi qayd qilingan. UTT tekshiruvida bachadon normotonusda, jigar va o`t pufagi faoliyati normal ekani tashxislangan" deyiladi xabarda.

Shundan so`ng homilador ayol undan xabar olgani kelgan turmush o`rtog`i bilan uchrashgan. Palataga qaytgandan so`ng kutilmaganda ayolning ahvoli og`irlashib, hushidan ketgan. Ko`rsatilgan reanimasion shoshilinch tibbiy yordam choralariga qaramay, bemorda biologik o`lim holati yuz bergan.

Sud tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko`ra, marhumada homiladorlikka aloqador bo`lmagan neyrofibromatoz xastaligi asoratlari oqibatida taloq arteriyasining, ichak tutqich tomirlarning spontan yorilishi to`satdan o`lim holatiga olib kelganligi ma`lum qilinmokda. 

Ma`lumotlarga ko`ra, arteriyalarning to`satdan yorilishi – nasliy xastalik hisoblangan neyrofibromatoz (Reklingxauzen sindromi)ning asorati bo`lib, aksariyat holatlarda o`lim bilan yakunlanadi. 

"Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar surishtiruv olib bormoqda. Yakuniy xulosa haqida qo`shimcha xabar beriladi" deb yoziladi rasmiy munosabatda.

 

    Boshqa yangiliklar