1

Shavkat Mirziyoev Ilhom Alievni tabrikladi va O`zbekistonga taklif qildi

Siyosat 24.11.2023, 14:45
Shavkat Mirziyoev Ilhom Alievni tabrikladi va O`zbekistonga taklif qildi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 24 noyabr kuni Boku shahriga amaliy tashrifi doirasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan muzokara o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Ozarbayjon etakchisi O`zbekiston Prezidentiga BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitini qo`llab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari, o`z navbatida, Ozarbayjon Prezidentini SPEKAda muvaffaqiyatli raislik qilayotgani bilan tabrikladi.

O`zbekiston-Ozarbayjon do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ko`rib chiqildi.

Tizim va samarali muloqotlar tufayli O`zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko`tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 34 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to`qimachilik, energetika, qishloq xo`jaligi va ipakchilik tarmoqlarida kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Transport va logistika sohasida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.

Davlat rahbarlari o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo`nalishlari yuzasidan ham fikr almashdilar. Kimyo, energetika, zargarlik, mashinasozlik, qurilish va boshqa yo`nalishlarda istiqbolli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentini o`zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga borishga taklif etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1