AsosiyJamiyat
1857

1 dekabrdan O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi?

'1 dekabrdan O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

2023 yil 1 dekabrdan O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi. Darakchi.uz qishning ilk kunidan kuchga kiradigan yangiliklarni bir joyga to`pladi.

Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilmoqda

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga, BHM – 3 foizga oshmoqda. Mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori – oyiga 1 050 000 so`m; pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 372 000 so`mni tashkil etadi.

Aholi va biznesdan bir qator ma`lumotlarni talab qilish to`xtatiladi

Aholi va tadbirkorlik sub`ektlaridan 47 turdagi ma`lumotlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Tegishli ma`lumotlarni «Raqamli hukumat»tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasida raqamli shaklda olish mumkin.

Olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyutasi miqdori oshirilmoqda

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 mln so`m ekvivalentidan ortiq miqdordagi milliy naqd valyuta va (yoki) naqd chet el valyutasi yo`lovchi bojxona deklarasiyasini to`ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo`li bilan bojxona nazoratidan o`tkaziladi (ilgari bu miqdor 70 mln so`mni tashkil etgan).

Ayrim davlat xizmatlari MIZ direksiyalari tomonidan ko`rsatiladi

Quyidagi davlat xizmatlari, YaIDXP va davlat xizmatlari markazlaridan tashqari, bevosita maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan ham amalga oshiriladi:

  • investisiya loyihalarini joylashtirish;
  • ishtirokchilarni ro`yxatga olish;
  • investisiya loyihalarni amalga oshirish va ijara shartnomalarini imzolash.

Nasldor chorva mollariga QQS to`lash tizimi o`zgarmoqda

Chorvachilik xo`jaliklari o`z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan QQSni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo`mitasining kafolati asosida 180 kun ichida to`lab berish tizimi joriy etiladi.

"Tashqi reklama" raqamli monitoringi ishga tushiriladi

Reklama joyi pasportini shakllantiruvchi «Tashqi reklama» raqamli monitoring elektron tizimi ishga tushirilmoqda.

Auksion natijalari bo`yicha to`lov hamda reklamani joylashtirish uchun yig`im o`rniga miqdori ochiq elektron auksion orqali aniqlanadigan yagona har oylik yig`im kiritilmoqda.

Zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi ishga tushiriladi

Magnitudasi 5 va undan yuqori balli zilzilalar ro`yxatga olinganda «Kuchli zilziladan ogohlantirish» mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to`g`risida tezkor xabarnoma yuboriladi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar