1

“Issiq – sovuq” bor narsami?

SUG'DIYONA 10.11.2016, 10:28
Teglar: Oila, Er-xotin
“Issiq – sovuq” bor narsami?

«Turmush — to`rt musht» deganlaridek, hamma oilada ham kelishmovchiliklar bo`lib turadi. Qaerga qarama, kim bilan gaplashma oilasidagi muammoni hal qilishga urinayotganini ko`ramiz. So`nggi vaqtlarda “issiq-sovuq” dastidan “dod” deganlar, “erim biroz e`tiborsiz bo`lib qoldi, o`qitmasam bo`lmaydi” deb turmush o`rtog`ining rasmi bilan domlaga yugurgan kelinlarni ko`p uchratamiz. Keling, yaxshisi, turli hayotiy vaziyatlarni ko`rib chiqib, baho beramiz. 

«Erimning ma`shuqasi «jodugar» ekan…»

— Turmushimizning to`rtinchi yiliga kelib, erim oiladan ancha uzoqlashayotgani sezila boshladi. Avvaliga buni ishidagi muammolar bilan bog`liq deb o`yladim. Juftim bilan suhbatlashishga bo`lgan urinishlar besamar ketgach, qaynonamga maslahat soldim. Biroq u kishi ham o`g`lidan tayinli gap ololmadi. Bu orada erim jondan aziz o`g`lini sababsiz turtkilaydigan odat chiqardi. Qaynonam bilan  erimning ma`shuqasi borligiga gumon qila boshladik. Qayniegachim arosatda qolgan ikkimizga turmush o`rtog`imni uyga «isitish» uchun kuchli bir domla topib, «o`qitish»imizni maslahat berdi. Najot topgan odamdek uch oy vaqtim va uch oylik maoshimning hammasini domla, folchiyu a`zayimxonlarga sarfladim. Qani endi foydasi bo`lsa.... «Kuf-suf» bilan ovora bo`lib yuraveribman-u, erim oilasidan butunlay uzoqlashib ketganini sezmabman. Oxiri sabrim tugab, hammasiga qo`l siltadim-u, otamnikiga ketib qoldim. 

Oradan 3 oy o`tib, oilasi, jufti halolidan o`zgasi do`st bo`lmasligini tushungan erim bosh egib qaytdi. Emishki, bo`lib o`tgan voqealarda aslida u emas, uni “issiq-sovuq” qilib yurgan ma`shuqasi gunohkormish. O`z tajribamda bunday “muolaja”ning ta`sirini ko`rmaganim bois gaplariga ishonmadim. To`g`ri, birovni aybdor qilishdan osoni yo`q. Ammo har kim o`ylab, fikrlab ish qilishi uchun aql degan xislat bejiz berilmagan bo`lsa kerak. Qanchalar erimdan xafa bo`lmay, farzandimning otasi bo`lgani uchun uni kechirishga majburman… 

Gulnora, Toshkent shahri

SUG’DIYONA: Shukurki, fikrlash va til-zabondek fazilatlarga ega bo`lib, har qanday muammoni idrok bilan engib o`tishga qodirmiz. Biroq, ba`zan qars ikki qo`ldan chiqishini unutib, qarshimizda turgan masalaning osonroq va bizdan kamroq urinish talab qiladigan yo`lini tanlab qo`ya qolamiz... Bu esa bizning asosiy xatoimizdir! 

Ona “sovuq”,  xotin “issiq”mi?

— Uch qizdan keyin ko`rgan o`g`limizni orzu-havaslar bilan o`zi yoqtirgan qizga uylantirdik. Kelinim chakki emas, xizmatimni qiladi. O`g`lim gapirmasidan turib, birgina qarashining o`zidanoq nima istayotganini fahmlaydi. Shirindan-shakar ikki nabiramni dunyoga keltirib, tarbiyalayotgan kelinimdan ko`nglimiz to`q edi. Ikkinchi qizimning turmushida ozgina muammo bo`lib, yarim yilga yaqin vaqt farzandlari bilan biznikida yashashiga to`g`ri keldi. Hayotidagi notinchliklar sabab, uni ayashga harakat qiganim, kelinimga og`ir botdi chog`i, bizga bo`lgan munosabati o`zgardi. Oradan hech qancha o`tmay, bu kayfiyat o`g`limga ham o`tdi. Chunki er-xotin ikkovi birga qaergadir borib kelsa tamom, o`g`limni taniyolmay qolaman. Men, otasi va mehmonga kelgan opalariga qo`pol munosabatda bo`ladi. Uch-to`rt kun o`tibgina biroz “yumshaydi”. Yaqinda esa o`g`lim alohida uy qilib, bo`lak chiqishini aytib, “Istagan qizingizni olib kelib yashayvering” dedi. Onaman axir, ko`nglimga og`ir botsa-da, murosa qildim. Yolg`iz o`g`limiz bo`lsa, keksayib qolgan ota-onasini tashlab ketish fikri unga qaerdan keldi, hayronman. To`ydan avval “Shundan boshqasiga uylanmayman” deganida nima balo, bu qiz “issiq-sovuq” qilib, boshini aylantirib olganmi, degandim. Kelinim endi ham o`sha usullarini qilib, o`g`limni oilasidan sovutmoqchi, bag`rimizdan yulib olayapti! Men ham bittagina o`g`limni berib qo`yarmidim, qarab tursin, sehr-jodu qilishni ko`rsatib qo`yaman!

Malohat aya, Farg`ona viloyati

SUG’DIYONA: Yoshlarning mustaqil yashash istagini hech qanday “issiq-sovuq” bilan yo`qotib bo`lmaydi. Qizlarning muammolari ham tugamasligi aniq. Shuning uchun bu holatda ota-onadan qizlarga sal qattiqqo`lroq bo`lish talab etiladi. Agar ular ota uyida yashashiga to`g`ri kelsa, uy yumushlarini kelin va qizlar o`rtasida adolat bilan taqsimlab berilishi o`rtadagi sovuqchilikni ilitishi turgan gap. 

«Ovsinim qaynonamni sehrlagan»

— Oilamizning katta keliniman. Turmush qurganimizning beshinchi yili qaynimni uylantirdik. Meni qiynayotgan muammolar shundan so`ng boshlandi. Chunki ungacha qaynona-kelin munosabatlarimizga hammaning havasi kelardi. Balki ishonmassiz, ammo biror marta san-manga borish u yoqda tursin, hatto arazlashmaganmiz. 

Yangi kelinchakka ro`zg`or tutish, xonadonimiz past-balandini tushuntirishni qaynonam menga yukladi. Astoydil harakat qilsam-da, ko`p o`tmay ovsinimning uy ishlariga no`noqligi-yu pishir-kuydirga qo`li kelshmasligi ko`rinib qoldi. Qaynonam kabi, yaxshisini oshirib, yomonini berkitishga harakat qildim. Evaziga esa ovsinim meni qaynonam bilan teskari qilib qo`ydi. Biror marta ovozini ko`tarmagan qaynonam men bilan jerkib gaplashadigan, har bir ishimdan xato axtaradigan odat chiqardi. Aybimni tushunmay halak yurgan kunlarimda xolamning qizi g`alati gap topib keldi. Aytishicha, ovsinimni qizlik mahallasidagi folchi ayolning uyidan chiqib ketayotganida, qo`lida qaynonam bilan ikkimizning suratimiz bo`lgan ekan. Avvaliga bu gaplarga ishonmadim. Keyin bir–ikki marta xonamdagi gilamning ostidan zanglagan igna topganim va ostonaga sepilgan turpoqni supurib tashlaganim yodimga tushdi. O`shanda bu narsalarga ahamiyat bermagandim. Endi esa qaynonamning menga nisbatan nega o`zgarib qolganini tushungandek bo`layapman... 

Nargiza, Samarqand shahri

SUG’DIYONA: Oilaga yangi kelin kelganidan so`ng butun oila a`zolarining diqqat-e`tibori unga qaratilishi shubhasiz. Hammadan iymanib, uyalib, o`zining faqat yaxshi xislatlarini ko`z-ko`z qilishga urinayotgan kelinchak oldida bor-u yo`g`ini yashirmay, muomala qilayotgan katta kelinning shubhasiz, ilgari hech kim ilg`amagan ayblari chiqa boshlaydi. Lekin bu holat uzog`i bilan bir yil davom etadi va hammasi o`z iziga tushadi. Yana bir narsa, gumon iymondan ayiradi, degan gapni unutmang! 

«Qo`shnim baxtimni «bog`ladi»

— Yoshim 24 da. Men tengilar allaqachon oilali bo`lib, farzandlarini parvarishlab yurishibdi. Yaqindan menga “qari qiz” yoki “nuqsoni bor” deya qaray boshlashganini sezdim. Otam va akalarim taqdir bo`lganida to`yi bo`ladi-da deyishsa, onam va buvilarim “o`tirib” qolishimdan joni xalak. Katta akamning ikkinxb marta o`ylangani, kichik akamning esa xotini bilan hech chiqisholmay yashayotgani kamlik qilgandek, mening to`yim bo`lmayotgani ota-onamni tashvishga solishi shubhasiz. To`g`ri, so`roqlagan sovchilar ko`p. Ammo bir marta kelishgach, qaytib ko`rmaysiz. Bu esa oilamdagi ayollar uchun muammo. Shubha-gumonlar kayfiyatimni sindirsa-da, o`zimni qo`lga olishga harakat qilaman. 

Bir kuni ammamning qistovi bilan nomi chiqqan domlaning oldiga bordik. U kishi duo o`qib, menga va oilamizga ziyon etkazadigan amal qilinganini aytdi. Bu ishlarni qilib yurgan ayol esa yon qo`shnimiz ekan. Ammam va onam o`sha kundan beri qo`shnimizga yovdek qaraydi. Tansiq taom yoki shirinlik pishirganida biz bilan baham ko`radigan qo`shnimizning berganlarini tezda suvga oqizib yuboradi... 

Ammo, bir savolga javob topolmayman: Oilasi va farzandlarining rizqidan qiyib, boshqalarni “issiq-sovuq” qiladiganlarga nima naf? 

Gulhida   

SUG’DIYONA: Oilasi tinch bo`lmagan oila bilan quda-andachilik qilishni hech kim ham istamasligi aniq. Sovchilar, odatda, muammolarning sababini o`rganib o`tirmaydi. Shunchaki, kelinlari bilan murosa qilolmagan, o`g`lini ikkinchi marta uylantirgan odamlar bilan qarindoshchilik rishtasini bog`lashga biroz cho`chishi tabiiy. hayotimizdagi hamma voqeaga ham “issiq-sovuq”ni aralashtirish to`g`ri emas. 

Go`zal RO`ZMATOVA, ruhshunos:

—  Iroda va e`tiqodi sust bo`lgan insonda bid`at hamda xurofotga ishonch kuchli bo`ladi, deb bejiz aytishmagan. “Issiq-sovuq” qilishibdi”, “o`qitib qo`yishibdi”, “baxti va omadini bog`lashibdi” degan gapni har bir muammosiga sabab qilib ko`rsatadigan kishilar, odatda haqiqatga tik boqishdan cho`chishadi. Zero, ko`ngilni xotirjam qilish, o`zgalardan ayb qidirish, ular uchun osonroq. Aniqrog`i, irodasiz, o`ziga ishonchi past, boshqalarning ta`siriga beriluvchan hamda ojiz insonlar uchun sehr-jodu o`zini himoyalash uchun yaxshigina quroldir.  Dunyoqarashi keng, o`z ustida ishlaydigan, aqli butun inson bu ishni qilmaydi va ishonmaydi ham. To`g`ri, ba`zan  “Qildirgan “amal”im foyda berdi” deganlar ham uchrab turadi. Ammo bu o`zini-o`zi ishontirish, xolos. Unutmang, inson nimagaki ishonsa, o`sha ro`y beradi, qidirganini topadi, istaganini ko`radi. Fikr moddiylashishi haqiqat.  

Yulduz KOMILOVA, islomshunos, “Movarounnahr” nashriyoti muharriri: 

— Alloh taoloning iznisiz er yuzida hech kim boshqa birovga zarar ham, foyda ham etkaza olmaydi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar etkaza olmaslar” (Baqara, 102). Bunga ishonish insonni xotirjam qiladi, qalbiga taskin beradi.

Musibatga sabr qilmasdan sehrgar, folbin, kohinga borib, shifo yoki yordam so`rash shar`an haromdir. Bu ish bilan kishi katta gunoh qilgan bo`ladi. Uni halol desa, Alloh saqlasin, dindan chiqadi.

Musulmon kishi o`ziga etgan har bir narsani Allohdan deb bilishi kerak. Yaxshilik etsa – shukur, musibat etsa – sabr qiladi. Ana shunda gunohi kabiralar domiga tushib qolishdan o`zini himoyalagan bo`ladi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1