"O`zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o`zgalar parvarishiga muhtoj yolg`iz yashovchi hamda yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarning reestri yuritiladi.
2024 yil 1 apreldan reestrga kiritilgan yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yo`l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
2024 yil 1 maydan reestrga kiritilgan yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to`lash bo`yicha kompensasiya hamda oziq-ovqat mahsulotlariva shaxsiy gigiena tovarlari uchun har oyda qo`shimcha pul to`lovlari o`rniga yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste`mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.
Yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarning yo`qotilgan biometrik pasportlari ular reestrga kiritilgunigacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi.
2024 yil 1 martdan o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish, mustaqil harakatlanish va mo`ljal olish imkoniyati cheklangan yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko`rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1 apreldan Samarqand va Farg`ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo`llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
- ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko`ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
- ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitasiya xizmatlari ko`rsatiladi.
29.12.2023 14:11
2024 yil 1 apreldan ayrim yolg`iz keksalarga poezdga bepul chiptalar ajratiladi






