O`zbekiston raqamli texnologiyalar vazirining “Pochta aloqasi xizmatlarini ko`rsatish qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi buyrug`i loyihasi muhokamalar portalida e`lon qilindi.
Qoidalar Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari, O`zbekistonning "Pochta aloqasi to`g`risida"gi, "Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida"gi, "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida"gi qonunlariga muvofiq pochta aloqasi xizmatlarini ko`rsatuvchi pochta aloqasi operatorlari, provayderlari va bu xizmatlardan foydalanuvchilar o`rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Pochta aloqasi xizmatlarini ko`rsatish tartibini, pochta aloqasi operatorlari, provayderlari hamda foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Shuningdek, pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlarini (pochta, kurerlik jo`natmalarini qabul qilish, qayta ishlash, tashish va etkazib berish) ko`rsatish bo`yicha faoliyatni Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari, O`zbekiston qonunchiligi va bu qoidalar asosida amalga oshiradi.
Pochta aloqasi milliy operatori mamlakat hududida Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlariga muvofiq O`zbekistonning majburiyatlarini bajarish bo`yicha tayinlangan pochta operatori maqomiga ega.
Umumjahon pochta ittifoqining blanklari va hujjatlari faqat milliy operator tomonidan foydalanilishi mumkin.
Milliy operator oddiy xatlarni, pochta varaqchalarini va pul mablag`larining pochta o`tkazmalarini, davlat organlari va tashkilotlarining elektron pochta jo`natmalarining Yagona milliy tizimi orqali jo`natilgan yozma xat-xabarlarini, bildirishnomalarini, chaqiruv qog`ozlarini va boshqa yuridik ahamiyatga ega hujjatlarini etkazib berish (topshirish) bo`yicha pochta xizmatlarini ko`rsatishda mutlaq huquqiga ega.
Milliy operatorga O`zbekiston butun hududida universal pochta xizmatlarini majburiy ravishda ko`rsatish bo`yicha vazifalar yuklatiladi.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining huquqlari:
o`zlariga tegishli avtotransport vositalaridan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli, maxsus farqlash belgilariga ega bo`lgan transport vositalaridan shartnoma asosida foydalanadi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan pochta normativlarini hisobga olgan holda, pochta aloqasi obektlari tomonidan ko`rsatiladigan pochta aloqasi xizmatlari ro`yxatini mustaqil ravishda belgilaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq faoliyatning boshqa turlarini amalga oshiradi.
Pochta jo`natmalarini tezlashtirilgan pochta rejimida qabul qilish joyida, ko`rinadigan va foydalanuvchilar uchun qulay joyda xalqaro tezkor pochta jo`natmalari qabul qilinadigan mamlakatlar ro`yxati bo`lishi kerak.
02.01.2024 19:01