Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Eski ToshMi” tibbiyot akademiyasining binosi buzilishi haqida xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi bu borada rasmiy ma`lumot berdi.
Madaniy meros agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan holat yuzasidan joyiga chiqqan holda o`rganish ishlari olib borildi. Yashnobod tumanida joylashgan “Eski ToshMI” (Tibbiyot 29-son davolash bo`limi akademiyasi) binosi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori bilan madaniy meros ob`ekti sifatida ro`yxatga olingan.
Mazkur tibbiyot muassasasi XIX asrda qurilgan bo`lib, hozirda bino davlat mulki hisoblanadi.
2024 yilning 3 yanvar kuni Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan muammo joyiga chiqqan holda o`rganilganida hech qanday qurilish-ta`mirlash ishlari olib borilmayotganligi aniqlangan. Tibbiyot maskani ma`muriyatiga binoda qurilish-ta`mirlash ishlarini olib borish uchun Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsatnomasi asosida va loyiha-smetalarini taqdim etgan holda ish boshlash kerakligi alohida tushuntirilgan.
“Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida”gi qonunining 23-moddasiga muvofiq “Davlat mulkida turgan moddiy-madaniy meros ob`ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi” belgilangan.