Prezident Shavkat Mirziyoev 8 yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Rasmiy statistikaga ko`ra, yurtimizda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.
Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish o`rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta`minlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xo`jaligida 2,1 million, investisiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.
Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko`zda tutilmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar 2024 yilda yangi ish o`rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko`maklashish dasturi bo`yicha axborot berdi.
Davlatimiz rahbari bu dasturni ma`qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo`shimcha ko`rsatmalar berdi.
So`nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o`zini o`zi band qilgani ta`kidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o`tkazish va bozor topishiga ko`maklashish muhimligi aytildi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi.
Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan erlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo`llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar er maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.
Mehnat stajiga ega bo`lmagan shaxslarni kasb-hunarga o`qitish, ijtimoiy reestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo`yicha engilliklar qo`llash muhimligi ham aytib o`tildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish o`rinlari yaratish bo`yicha qo`shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo`yildi.
Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda lisenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko`rib chiqildi.
Ma`lumki, bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash yili” deb e`lon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Aytish joizki, shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud ma`lumotlarni qo`shimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so`m xarajati tejaladi.
O`zi umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro`yxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlatimiz rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo`yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta lisenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi.
Bu borada berilayotgan engilliklarni tadbirkorlarga etkazish, ularning takliflarini doimiy o`rganib, statistik hisobotlarni yanada maqbullashtirib borish vazifasi qo`yildi.






