AsosiyJamiyat

Farg`onada noqonuniy ishdan bo`shatilgan xodimga 20 mln so`m undirib berildi

'Farg`onada noqonuniy ishdan bo`shatilgan xodimga 20 mln so`m undirib berildi'ning rasmi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Farg`ona viloyatidan fuqaro V.A. ishdan noqonuniy ravishda bo`shatilganligi bo`yicha murojaat qilib, uning mehnat huquqlarini tiklashda yordam so`radi. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar bermoqda. 

Murojaatchining yozishicha, u “Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJda etakchi mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. Fuqaro V.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023 yilning oktyabr oyida O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga asosan bekor qilingan. Unga asos qilib jamiyat kasaba uyushmasi qo`mitasining tegishli yig`ilish bayoni ko`rsatilgan.

Shuningdek, fuqaro V.A. 1995 yildan buyon ushbu jamiyatda ishlagani va  avval biror marta intizomiy javobgarlikka tortilmagani hamda boquvchisi yo`q yolg`iz ona ekanini qayd etgan.

Murojaat Ombudsmanning Farg`ona viloyatidagi mintaqaviy vakili va O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Farg`ona viloyat Kengashi bilan birgalikda o`rganildi.

Ishga taalluqli hujjatlarni o`rganish jarayonida xodim 2023 yilning iyul oyida navbatdagi mehnat ta`tiliga chiqqani, unga qachon ishga qaytishi kerakligi ma`lum qilinmagani, ta`til vaqtida sog`lig`i yomonlashgani tufayli 2 marotaba mehnatga layoqatsizlik varaqalari ochilgani, xodim ishga qaytganida 2 kun sababsiz ishda bo`lmaganligi sababli unga nisbatan xizmat tekshiruvi o`tkazilganligi aniqlandi.

Hujjatlar o`rganilib, ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligi buzilganligi holatlari aniqlandi va sudga ishga tiklash haqida da`vo ariza kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan ish beruvchining buyrug`i g`ayriqonuniy deb topildi va bekor qilindi. Murojaatchi V.A. o`z lavozimiga tiklanib, majburiy progul kunlari va etkazilgan ma`naviy zarar uchun 19 million 680 ming so`m undirilishi belgilandi.

Hozirda murojaatchi avvalgi lavozimida o`z ish faoliyatini davom ettirmoqda.

    Boshqa yangiliklar