Davlat rahbarining 2023 yilning 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan o`tkazilgan “ochiq muloqot”da berilgan topshirig`i ijrosini ta`minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlardan hisobot va statistik ma`lumotlarni talab qilish tizimining tartibga solish ta`siri baholandi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Baholash natijasida ishlab chiqilgan “Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma`lumotlarni taqdim etish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- bir-birini takrorlovchi hamda tegishli axborot tizimlarida mavjud hisobotlar bekor qilindi. Natijada har yili 21,5 ming nafar tadbirkorning 500 mln so`m miqdordagi moliyaviy xarajatlari tejaladi;
- tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlarning 46 foizga qisqartirilgan yagona ro`yxati tasdiqlandi. Yagona ro`yxatga kiritilmagan hisobotlarni talab qilish taqiqlanmoqda;
- Yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi. Bunda hisobotlar elektron tizimlardagi ma`lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllanadi va davlat organlariga yuboriladi;
- hisobotlarni qog`oz shaklida topshirish tartibi bekor qilinib, faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
Mazkur tartiblar joriy etilishi natijasida har yili tadbirkorlarning hisobot topshirish bilan bog`liq 550 mlrd so`mdan ortiq xarajatlari tejaladi.






