AsosiyJamiyat

Buxoro viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdorlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Buxoro viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdorlariga jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Buxoro viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazida 2021-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida byudjet mablag`larining maqsadli sarflanishi ahvoli o`rganilgan. Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur to`plangan hujjatlar bo`yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslari bir guruh bo`lib, oldindan til biriktirgan holda juda ko`p miqdordagi byudjet mablag`larini o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilgan.  

O`zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi “Davlat xaridlari to`g`risida” gi qonuni talablari asosida tibbiyot markazida xarid komissiyasi tuzilgan.  Biroq  mazkur komissiya amalda umuman vakolatlarini bajarmagan. Natijada davlat xaridlarini amalga oshirishda muassasa faoliyati uchun xarid qilinadigan xizmatlar yoki tovarlarga tasdiqlangan ehtiyoj shakllantirilmagan. Davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmi belgilanmagan. Ish va xizmatlar bajarilgandan so`ng topshirish qabul qilish ishlari amalga oshirilmagan. Joriy ta`mirlash ishlari bo`yicha nuqson dalolatnomalari, loyiha smeta hujjatlari tuzilmagan.

Bajariladigan ishlar hajmi belgilanmasdan milliy va elektron do`konlar orqali xizmatlar sun`iy ravishda oshirib xarid qilingan. Xizmatlar qaysi ob`ektda, qancha hajmda va qanaqa ish turlari bajarilganligi, ish va xizmatlarni kimlar qabul qilib olganligi to`g`risida hujjatlar rasmiylashtirilmagan.

O`rganish davrida 1 070 317,4 ming so`mlik mablag`lar xizmatlar va ishlarni bajarilganligini tasdiqlovchi qabul qilish-topshirish dalolatnomalari tuzilmasdan asossiz to`lab berilgan.  

To`plangan hujjatlarga ko`ra, Buxoro viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslarining harakatlarida jami 2 127 099, 1 ming so`mlik juda ko`p miqdordagi byudjet mablag`lari o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.  

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning  tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

    Boshqa yangiliklar