AsosiySUG'DIYONA

“Er bermoq — jon bermoq”

— Uf, yana anuv baqaloq xotin keldi, — deydi turmush o`rtog`im har safar pod`ezdimizda shovqin-suron boshlangach… — Joniga tegmadimikan-a?! Uyalmasmikan?!

Ichimda o`sha baqaloq ayolning qilayotgan ishi noto`g`ri ekanligini o`ylayman, ammo tashimda xo`jaynimga javoban shunday deyman: 

— U nega uyalsin, birovning erini tortib olgan Visola opangiz (qo`shnim) uyalsin! Bo`yi etgan qiziyu o`smir o`g`lini uyatga qo`ygan Nodir akangiz (qo`shnimnikida yashayotgan erkak)ning vijdoni qiynalsin! U shu tarashadek erkak uchun emas, bolalarini boqish uchun janjal qilayotgandir. Ichkaridagi gapni bilmaymiz-ku!

Qavatimizdagi uchala eshik baravar daranglashni boshlaydi. Birini o`zi, ikkisini o`јli va qizi nog`ora qilib uradi. Xiyonatkor erkak yashayotgan uy eshigi hammasidan ko`proq aziyat chekadi. Bu ayol ataylab shunday qiladi. Chunki, biladiki, eri va uning ma`shuqasi to qo`shnilarning tinchini buzmaguncha eshikni ochmaydi. Biz ham ko`nikib ketganmiz, indamay ovqatimizni eyaveramiz, mulohazalarimiz ham eshigimizdan tashqariga chiqmaydi. Ba`zan o`sha ayolning qoshiga chiqib, u bilan gaplashgim, tinchlantirgim, og`zidan bodi kirib, shodi chiqayotgani uchun ogohlantirgim keladi, ammo turmush o`rtog`im yo`limni to`sadi. Qo`shnim mendan ancha yoshi katta ayol, omonatgina eri ham turmush o`rtog`imdan kamida o`n beshta ko`ylak ko`proq yirtgan bo`lsa kerak. Xo`jaynim aytganidek, ularga biror masalahat bera olish yoki tartibga chaqirishga bizda vakolat yo`q. 

Keling, sal ortga nazar tashlaymiz. Men oydekkina, silliqqina, hamisha chiroyli kiyinib yuradigan Visola opa bilan qo`shni bo`lganimga endigina ikki yil to`ldi. Qo`shnilar g`iybatiga qaraganda, unga bu uyni qandaydir valine`mati sovg`a qilgan. Іoynahoy, o`sha homiysi mana shu qo`li ko`ksida, qo`shnilar bilan do`stona aloqa o`rnatish istagida yuradigan Nodir aka bo`lsa kerak. Bejiz sobiq xotini «Mashinalarimni sotib, pulini eb-ichib yuborgan bu…», deb baqirmasa kerak. E`tibor bersangiz, odam ijara uyda yashab yursa, o`zini emin-erkin tutolmaydi, atrofdagilar bilan ham yuzaki muloqot o`rnatadi. Visola opa ham eshigini ikki qarichgina ochib, uyiga lip etib kirib, so`ng ertalab yashin tezligida ishiga jo`nardi. Aftidan yangi qo`shnim hali uy kimniki ekanligi masalasi boshi ochilmagani, topgani birovning etagidan tushib qolgan erkakligi uchun ham qo`shnilar orasida gap-co`z ko`paytirmasdi. Biroz muddat o`tgach, vaziyat o`zgardi. Salom-aliklarimiz biroz quyuqlashdi. Visola opa Nodir aka bilan ochiqchasiga ishga birga borib, birga kela boshladi. Bir kuni, hatto, menga «Yaqinda to`y qilmoqchimiz. Taklif qilsak, kelasizlarmi?» deb qoldi. Visola opaning kayfiyati ochilib qolganini ko`rib, aniq tashxis qo`ydim: «Demak, bu erkak yaqinda oilasidan qonuniy ajrashgan. Faqat shundagina xushtorlar o`zini bunchalik baxtli his qilishi mumkin». To`y bo`lgan-bo`lmaganini bilmayman, bizni hech kim taklif qilmadi, biroq ikkalasi (ba`zan Visola opaning boshqa turmushdan bo`lgan kap-katta o`g`li ham kelib turadi) bizning ko`z o`ngimizda ahil oila bo`lib yashashda davom etishdi. 

Ich-ichimdan aytaman, men hech qachon Visola opani yomon ko`rib, engiltak ayol, deb undan nafratlanmaganman. Turmush o`rtog`imga bu juftlik noto`g`ri ekanligini ehtimol, kelajagimni sug`urtalash, erkak tasavvuriga bunday munosabatlarning oqibatlarini yaxshilab singdirish uchungina aytarman.  

Ammo uning bugungi kunini kuzata turib, o`ylovga berilaman. Men hozir Visola opani chinakam baxtli, deb ayta olamanmi? Yoki uning do`sti Nodir akaning halovatli oilasi bor, deyishim mumkinmi? Yo`q, deyish uchun ular bilan birga yashab ko`rishim shart emas. Balki, qachondir sobiq xotin sho`rlik bunday salb yurishlaridan charchar… Ammo baribir yoshi qirqdan oshgan Visola opa Nodir akaga farzand tug`ib bermasligi, avvalgi turmushidan bo`lgan, 18 yoshga kirgan o`g`li hech qachon uning yangi erini otadek qabul qila olmasligi (yigitcha uyga ko`p kelmaydi, buvisinikida doimiy yashasa kerak) aniq. Nodir akaga esa o`zini to`laqonli baxtli his qilmasligi uchun farzandlari undan nafratlanib, tirik etim bo`lib, bo`ynini qisib yashayotgani, «ajrashganlarning bolasi» degan tamg`a ularning kelajagiga yomon ta`sir qilayotgani, o`zining uysiz-mashinasiz qolgani, mana shu qirqdan keyin kelgan sevgi tufayli qarindosh-urug`larning yuz o`girishi, obro`-e`tibordan qolgani kabi muammolar etarli bo`lsa kerak.

Tahlil va ayblov e`lon qilish mendek to`rtta gapni bir-biriga ulab yozadigan muallif uchun juda oson. Ichkarida ham, tashqarida ham men bilmagan gaplar ko`pligi aniq.  Agar istasam, xo`jaynimning ta`biricha, «baqaloq xotin»ni ham ayblab, ham tarafini olib to`rt sahifa yozishim mumkin. Qanday gaplar bilan yonini olishimni maqola boshida o`qidingiz. Endi so`nggi qismida yana boshqa xulosamni bayon etmoqchiman. «Opajon, men sizni yaxshi tushunaman, deyolmayman. Tushunishga harakat qilaman: agar ko`zimni yumib, erimsiz bir kun tugul, bir soat yashashim mumkinligini o`ylasam, dunyo men uchun tugagandek tuyuladi. Afsuski, oldindan bilib bo`lmaydi, «tashlab ketilish»dan hech kim sug`urtalanmagan.  Agar eringiz bilan ajrashishga imzo chekib bo`lganingiz rost bo`lsa,  uni tinch qo`yganingiz ma`qul. Nima bo`lganda ham, bo`y etgan qizingizni, mo`ylabi sabza urayotgan o`g`lingizni birovning uyiga borib to`polon qilishga o`rgatib, ularning g`ururini, tarbiyasini buzishingiz, derazalarga tosh otib, devorlarimiz, kundoshingizning eshigiga sharmandali so`zlarni yozdirishingiz bilan biror narsaga erisholmaysiz. Shuning uchun ham siz istagandek, eshigimizni ochib, qo`shnimizni yomonlay olmaymiz. Agar hammasi moddiy masalaga borib taqalsa, bolalaringiz voyaga etgani uchun aliment ololmayotgan bo`lsangiz, ularni otasi bilan xotirjam gaplashishiga qo`yib bering. Buning uchun bolalar derazani sindirishi shart emas, otasiga «Dada, sizsiz qiynalayapmiz, kelmasangiz ham oyoqqa turgunimizcha yordam bering, axir bolalaringizmiz!», deyishining o`zi etarli. Bunga ishonaman, chunki toparmongina sobiq eringiz judayam yomon odam emasligini turmush o`rtog`im ko`p takrorlaydi. 

Men uyimning to`g`risida kap-katta odamlar bo`lsa ham, qimtinib-qo`rqib, ammo tuyg`ularidan baxt qidirib, yashayotgan odamlardan uzrimni so`ragan holda, rahmatimni aytmoqchiman. Ehtimol, maqola chop etilsa, uni qo`shnimga ko`rsatishga o`zimda jur`at topa olarman... Axir men, qirqdan keyin sevishgan juftlik va eshiktepar, alamzada ayoldan ikkita saboq oldim. 

1.  Agar er birovniki bo`lsa, ko`z olaytirma. Oilasini yomonlagan va seni osmonlarga chiqarib, maqtagan bo`lsa ham, o`sha baxtsiz oilasida yashayversin. Ayniqsa, hali munosabatlarga nuqta qo`ymagan bo`lsa, 

2.  Agar ering sendan voz kechgani rost bo`lsa, qo`y, uni hayotini buzsam, alamimdan chiqaman deb, o`ylama. Bolalaringni yaxshi tarbiyalashda davom et. Bir ahmoq erkakning ortidan quvib, vaqtingni boy berma. Bor e`tiboringni farzandlaringga qarat, balki baxt boshqa tomondan kulib boqar.

Boshqa yangiliklar