Turkiy davlatlar tashkiloti –Turkiy kengashning qarori bilan Xiva 2020 yilda turk dunyosi madaniyati poytaxti deb e`lon qilindi. Bu bejiz emas. Chindan ham ham Xiva shahri turkiy xalqlar madaniyatida beqiyos o`rin tutadi. Biz bugun bu azim shaharning eng qadim va sirli go`shasi – Ichan qal`adagi sirli manzillardan biri haqida so`z yuritamiz.
Tohir xo`ja eshon maqbarasi Muhammad Aminxon madrasasining qibla tomonida, Ichan-qal`a devoriga yopishtirib qurilgan. Bir gumbazli maqbaraning peshtoqi sharqqa qaragan. Maqbaraning ichida ikkita mozor bo`lib, birida Tohir eshon dafn qilingan. Tohir eshon Olloqulixonning piri ekanligi, uning karomati haqida xivaliklar orasida bir qancha afsona va rivoyatlar yuradi.
“Tangri mehmon”
Olloqulixon hukmronligi davrida bir yil bahorda qurg`oqchilik bo`lib, daryoga suv kelmaydi. Bundan xavotirga tushgan xon ustozi Tohir eshonni chaqirib, undan daryoga suv keltirishni iltimos qiladi. Tohir eshon eshagini minib, Xonqaga boradi, daryo bo`yidagi bir dehqonning eshigini chertib:
–“Tangri mehmon”ga joy bormi? – deb so`raydi. (Xoramda kutilmaganda kirib kelgan mehmonni “Tangri mehmon, Tangri yuborgan mehmon” deb alohida hurmat bilan qarshilashadi)
Uy egasi mehmonni uyga taklif qilib, uning eshagini eshik oldidagi daraxtga bog`lab qo`yadi. Keyin mehmonni dasturxonga taklif qiladi. Mehmon nonushta qilmasdan, namoz o`qish uchun xona so`raydi. Unga darrov bir xona ajratiladi. Tohir eshon ibodatga mashg`ul bo`ladi. Bu orada uy egasi mehmonning eshagi oldiga em-xashak tashlamoqchi bo`ladi va tashqariga chiqib hayron qoladi: o`z qo`llari bilan mahkam bog`lab qo`ygan eshak g`oyib bo`lib qolgan edi. Yon-atrof kenglik, hech erda eshak ko`rinmaydi, vahimaga tushgan dehqon ichkariga kirib mehmonga voqeani aytadi. Mehmon pinagini ham buzmasdan:
–Xavotir olmang, o`zi keladi, – deya, ertalabgacha ibodatda davom etadi.
Erta tongda xonadan chiqqan Tohir eshon uy egasiga daryo tomondan xabar olishni aytadi. Uy egasi tashqariga chiqib qarasa, eshak kecha qanday bog`langan bo`lsa, xuddi shunday turganmishi. Hayron bo`lib, daryo tomon borsa, anchadan beri yotgna qolgan daryo o`zanidan gumburlab suv kelayotir. Ichkariga kirib bu haqda mehmonga xabar beradi va eshak ham topilganini aytadi. Tohir eshon:
– Ha, maqsadga etdik bu erga, shuning uchun kelgan edik, – deb, eshagini minib uyga tomon yo`lga ravona bo`ladi.
Shox chiqargan qiz
Bir kun erta saharda Tohir eshon masjidga borayotib, Qutlug` Murod inoq madrasasining devori tagida bir talabaning cho`nqayib o`tirganini ko`radi. E`tibor qilsa, talaba o`rnidan turolmayapti. Shunda uning ko`zi Toshhovli saroyining ikkinchi qavatidagi darchadan boshini chiqarib, talabani mazammat bilan tomosha qilayotgan bir go`zal qizga tushadi. Ma`lum bo`lishicha, qiz duo o`qib yigitni o`rnidan turolmaydigan qilib qo`ygan ekan.
Ahvolni darrov fahmlagan Tohir eshon ichidan bir duo o`qiganida, darchadan qarab turgan qizning boshidan ikkita shox o`sib chiqadi. Boshini ichkariga tortib ololmagan qiz, Eshondan shoxlarni yo`qotishni iltimos qiladi. Tohir eshon unga talabani ozod qilishni maslahat beradi. Qiz duo o`qib, talabani ozod qilgach, Tohir eshon ham qizni shoxlarini yo`qotadi. Qiz kechirim so`rab, bu voqeani hech kimga aytmasliklarini ilimso qiladi.
Toshchiroqdagi pari
Aytishlaricha, Tohir eshon madrasada ta`lim olishni boshlagan vaqtida unga egasi vafot etgan bir hujrani berishadi. Bu hujrada hech kim yashay olmas, shuning uchun ko`p vaqtdan buyon u qarovsiz qolgan edi. Tohir eshon hujraga kirib, uni supurib, tozalaydi. Tokchada bir toshchiroq turgan edi, uni tozalab artib, yoqishga tayyor qilib qo`yadi. Shu payt eshik oldida go`zal bir qiz paydo bo`ladi. Uning ko`zlariga tik boqishga botinolmagan talaba, erdan ko`z uzmay kutilmagan tashrifning sababini so`raydi.
Haligi go`zal qiz "Men pariman, ilgari shu shu hujrada yashagan mullavachcha meni chiroqqa qamab qo`ygan edi. Endi sizning cho`ringizman", – deydi. Shundan keyin Tohir eshon toshchiroqni hamma vaqt o`zi bilan olib yurgan deyishadi.
Albatta, yuqoridagi voqealar xalq og`zida yurganlar rivoyatlar, ularning chindan ro`y bergan-bermagani Allohga ayon. Ammo, Olloqulixonning unga ixlosi nihoyatda baland bo`lgan.
Xon 1826 yil oxirida Xurosonga yurish qilib, Jom tog`i etagidagi Umg`on qal`asini egallaganidan so`ng, Xivadagi piri Tohir eshonga yo`llagan maktubida pirga nisbatan Haqoyiq va maorifpanoh (haqiqat va ma`rifatni himoya qiluvchi), kamolot va latoyifdastgoh (go`zal so`z va fazilat egasi), kashshofi asrori ilohiy singari sifatlarni qo`llaydiki, bunda hukmdorning hurmat va ehtiromi yaqqol ko`rinib turadi.
Rustam JABBOROV