XIX asrning ikkinchi yarmida mustamlakachilar Turkistonni batamom qo`lga kiritdilar. Bosqinchilar o`z maqsadlarini ochiq-oydin namoyon etmas, goh ittifoqchi ko`rinishida, goho O`rta Osiyoni G`arb davlatlaridan qo`riqlayotgan “do`st” sifatida maydonga chiqardilar. Bunday siyosiy makkorlikka dastlab Xiva, Qo`qon xonlari, hattoki, ancha hushyor Buxoro amiri ham ishondilar.
Ana shunday murakkab vaziyatda xalq orasidan chiqqan millat oydinlari avom xalqqa bor haqiqatni aytishga urindilar. Bosqinchilar esa erli xalqning ko`zini ochayotgan ma`rifat fidoyilarini hayot sahnasidan butunlay olib tashlash rejasini tuzdilar. Mahmudxo`ja Behbudiy ana shunday munavvarlarning biri edi.
Behbudiy 1875 yilning 19 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog`ida (hozirgi Tayloq tumanida) muftiy oilasida dunyoga keldi. Otasi Behbudxo`ja Solihxo`ja o`g`li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxo`ja urganchlik bo`lib, amir Shohmurod zamonida (1780-1785 yillar) Samarqandga kelib qolgan.
Behbudiyning otasi islom xuquqshunosligi bo`yicha yirik mutaxassis bo`lib, bu borada ko`plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu o`z navbatida Mahmudxo`jaga ta`sir o`tkazmay qolmadi. U keyinchalik bu haqda so`zlab, hatto maqolalaridan birida otasi yozgan “Hidoya” ("Islom huquqiga sharhlar") asarining o`z taqdirida katta rol o`ynaganini alohida qayd etgan.
Mahmudxo`ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug`ullandi. Gazeta va jurnallar orqali jahonda sodir bo`layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o`rganib islom tarixi va nazariyasini bilan shug`ullandi. U 1899 yilda hajga bordi va muftiy unvoniga ega bo`lib qaytdi. Haj bahonasida Misr va Istanbul shaharlarida bo`ldi. Bu erda davom etayotgan islohotlar so`zsiz uning dunyoqarashida burilish yasadi. So`ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo`lib, Evropa madaniyati bilan ham qiziqdi. O`sha davrda Qozon va Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jurnal va gazetalar bilan hamkorlik qildi. Uning qator maqolalari ham mazkur nashrlarda chiqa boshladi. Maktab, maorif va madaniyat masalalari hamda ma`rifatparvarlik g`oyalarining targ`iboti ushbu maqolalarning markazida turdi.
Xususan, qrim tatar allomasi Ismoil Gaspirali (Gasperinskiy) va u bosh muharrir bo`lgan “Tarjumon” gazetasi M.Behbudiyni buyuk ma`rifatchi va o`zbek milliy jadidchilik yo`nalishining otasi darajasiga ko`tardi.
Albatta, Behbudiyning xalq o`rtasida ortib borayotgan obro`-e`tibori nafaqat amirlik rahbarlari, balki bolsheviklarining ham reja va niyatlariga zid edi. 1919 yilning 25 martida Behbudiy ular chaquvi bilan Shahrisabzda qo`lga olinib, sirli tusda Qarshida qatl qilindi. Uning qatli haqidagi xabar o`sha paytdagi poytaxt Samarqandga rosa bir yildan keyin xabar qilinadi. 1920 yilning aprelida butun Turkiston motam tutdi.
Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi, yangi maorif me`mori, olim, dramaturg, publisist Mahmudxo`ja Behbudiyning qatl etilishi, uning qotillari borasida turli taxminlar mavjud. Mustaqillikka qadar Behbudiyning shaxsi va faoliyati deyarli yoritilmadi yoki atayin turli xil talqin etildi…
Tadqiqotchi Sharofat Ashurova XX asrning 20 yillarida Qarshidagi hibsxonada ishlagan qo`shnisi Musaxon buva ismli qariyaning ma`lumotlariga tayanib, Behbudiy Xo`ja Abdulazizxon madrasasi yaqinidagi beklik chorbog`ida qatl etilib, shu erning o`zida ko`mib, qabri tekislab tashlanganini ta`kidlaydi.
Qashqadaryolik ziyolilardan yana biri Po`lat Xidirov 1967 yilda keksalardan Behbudiyni qatl qilgan jallod, Qarshi begi Tog`aybekning mirshabi umrining so`nggi yillarida savdoyi bo`lib qolgani, Behbudiyni o`z qo`li bilan o`ldirgani, keyin u va do`stlarining qabrlarini tekislab, ustiga yo`ng`ichqa urug`i sepgani haqida gapirib yurganini eshitgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, Xo`ja Abdulazizxon tomonidan 1909 yili qurilgan madrasaga Qarshi bekligining chorbog`i tutashib ketgan. Mahmudxo`ja Behbudiy shu chorbog`da so`roq qilingan, shu erda Ahmad afandi bilan 4 kishining o`zlariga qabr qazdirib, pinhona qatl etilgan.
Hozirgi kunda Xo`ja Abdulaziz madrasasida viloyat o`lkashunoslik muzeyi joylashgan bo`lib, muzey xodimlaridan birining aytishicha, madrasa devori ortidagi ikki tut tagida Behbudiy va uning maslakdoshlari ko`milgan emish.
Bu haqda 2000 yillar boshida adib Solijon Po`latov “Nasaf” gazetasida shunday yozadi: “Men Mahmudxo`ja Behbudiyning qatliga doir ma`lumotlarni ko`zdan kechirdim, qariyalar bilan suhbatlashdim. Shu narsalarga amin bo`ldimki, Behbudiy va uning sheriklari yashirin holda atrofi qalin devorlar bilan o`ralgan xilvat chorbog`da o`ldirilib, so`ng madrasa devori yaqinidagi tut daraxti yoniga ko`milgan. Bu qabrlar 1950 yillargacha mavjud bo`lgan, keyinchalik boshqa, noma`lum joyga ko`chirilgan. O`sha tutlar ham allaqachon kesilib ketgan”.
Amirning qotili kim, uning o`limi kimga kerak edi? Bu savollarga ham hali to`la-to`kis javob topilmagan. Taxminlarga ko`ra, Behbudiyning o`limidan bolsheviklar hukumati ko`proq manfaatdor edi. Tabiiyki, jadidlarga xayrixoh bo`lmagan Amir Olimxon ham Behbudiyni yoqtirmagan. Yangi tashkil topgan Bolsheviklar hukumatiga esa Behbudiy singari millat fidoyilari xalal berardi xolos. Shu bois, bolsheviklar Behbudiyni amirning qo`li bilan yo`q qilishgan yoki aybni unga to`nkashgan degan taxmin tez-tez tilga olinadi.
Sadriddin Ayniy allomaning fojiali vafoti munosabati bilan shu marsiyani bitgandi:
Sani bundan buyon Turon ko`rolurmi ko`rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu topolmasmu?
Behbudiy o`zidan boy ma`naviy meros qoldirdi. U “Samarqand” gazetasi, “Oyna”jurnaliga asos solgan. Shuningdek, o`zbek va fors-tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Behbudiy o`z davrining eng muhim muammolarini dadil ko`tarib chiqa olgan. U 1915 yilda “Oina” jurnalida shunday yozgandi:
“Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, silariya va maxavliknimi dersiz? Yo`q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g`arib etguvchi bir dard, biz — turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg`acha istilo etib, butun tirikligimizg`a sorilgon va bizni inqirozg`a va tahlikag`a va jahannamg`a yumalataturgon to`y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman”.
Ne ajabki, Behbudiy tilga olgan ana shu illatlar hamon bizni tark etganicha yo`q.
Behbudiy adib sifatida “Padarkush” dramasini yaratgan. 1913 yilda Samarqand shahrida nashr etilgan bu dramada u yoshlarningilmli, madaniyatli bo`lishlari lozimligini qayd etgan. Shundan so`ng tez fursatda Samarqand, Buxoro va Toshkent teatri sahnalarida qo`yilgan. Drama o`zbek dramaturgiyasining tamal toshini qo`yish barobarida, xalqimizni ilmga, ma`rifatga undagani bilan ham qadrlidir.
Ulug` mutafakkirning xalqimiz oldidagi xizmatlari e`tiborsiz qolmagan, albatta. Qarshi shahri 1926-1937 yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan. 1977 yili allomaning “Saylanma” asarlari chop etildi. Asarlari darslik va qo`llanmalarga kiritilib, Toshkent va Samarqand shahridagi maktab, ko`cha va mahallalar uning nomiga qo`yildi. Buyuk ma`rifatparvar sharafiga 2006 yil Samarqand shahrida yodgorlik o`rnatilgan.
To`g`ri, istiqlol dushmanlari Behbudiyni jismonan yo`q qilishdi, uning qabrini ham qoldirishmadi. Ammo u millat qalbida yoqib ketgan ma`rifat chirog`ini o`chira olishmadi. Buning imkoni ham yo`q.
Rustam Jabborov