Ba`zan ahil-inoqligi ko`plarning havasini keltirgan baxtli turmushga ham ko`z tegib qolishi mumkin. Ilgarigi farovon xonadoningiz endi ko`proq jang maydoniga o`xshashib ketayotgan bo`lsa, demak oila mustahkamligi sirlari haqida yaxshilab bosh qotirishning vaqti kelibdi.
1. Barcha oila a`zolari kechki ovqatni birga qilishlarini oilaviy an`anaga aylantiring. Bunday paytda suhbat juda maroqli o`tadi. Faqat unda oilaning har bir a`zosi qatnashib, shunchaki hol ahvol so`rash bilangina chegaralanmay, kun davomida o`zi bilan sodir bo`lgan eng qiziq (g`alati, kulgili va h.k) voqeani gapirib berishi kerak. Kechki ovqat mahali televizorni yoqmang, telefon ovozini o`chirib qo`ying. Kunnning hech bo`lmaganda shu qismi faqat oilagagina baxsh etilishiga erishing.
2. Butun oila birga o`tkazadigan ya`ni umumiy vaqtdan tashqari har bir oila a`zosining o`z shaxsiy vaqti, xonasi yo burchagi ham bo`lishi kerak. Toki uning yolg`iz qolishi, o`zi yoqtirgan mashg`ulot bilan shug`ullanishiga imkoniyat bo`lsin. O`zingizning bor vaqtingizni oilangizning barcha a`zolariga «qurbon» qilishingiz shart emas. Oxir-oqibat bu hammaning hafsalasini pir qilishi mumkin.
3. Dam olish kunlarini uyda biqinib olib o`tkazgandan ko`ra, oilaviy dam olishning faol turlarini tanlang: sayrga chiqing, bog`ga, konki uchishga, teatr, kinoga, yaqinlaringiznikiga mehmonga boring. Erinmang, dam olish kunlarining rang-barang taasurotlarga boy bo`lishiga erishing.
4. Ko`proq muloqot qiling, bir-biringizga e`tiborli bo`ling, shirin so`zu-maqtovlarni ayamang! Shu oilaning a`zosiligingizdan faxrlanishni o`rganing. Yaqiningiz muhtoj bo`lganida o`z yordamingizni taklif qilishga ikkilanmang, sizga ko`maklashishganida minnatdorchilik izhor etishni unutmang. Lekin yordamingiz xiralikka o`xshab qolmasin. Inson yakka qolishni yoki nimanidir yolg`iz, sizning maslahat yo ko`magingizsiz bajarishni istayotganini sezish uchun ziyrakroq bo`ling.
5. Maishiy ishlarni birga bajarishga harakat qiling. Oilaning har bir a`zosining uy-ro`zg`orda bajaradigan o`z yumushi bo`lsin, hatto eng kichkinalarning ham. Bu yumush juda arzimas bo`lsa ham faqat shu ishga biriktirilgan odamgina bajarishini nazorat qilish lozim. Bunday maishiy ishlar me`daga tegmasligi uchun majburiyatlarni vaqti-vaqti bilan almashtirib turish ham ziyon qilmaydi. Masalan, har galgidan istisno tariqasida kechki ovqatni ota pishirishi, do`konga ona borib kelishi, mashinani yuvishga qiz urinishiyu, o`g`il kiyim dazmollashni mashq qilishi mumkin. To`g`ri, balki bu ishlar birinchi urinishdan kutilgan natijani bermas, ammo aynan shu arzimas uy yumushlarida bir-biringizdan maslahat yo ko`mak so`rashni o`rganishga, yordam qo`lini cho`zishga xizmat qilib oilani yanada jipslashtiradi. Birga bajarilgan ish qizg`in suhbatlarga asos bo`lib xizmat qiladi.
6. Mojarolardan cho`chimang. Oila a`zolaringizning sizning g`ashingizga tegadigan, xafa qiladigan jihatlari haqida ochiq gapirishni o`rganing. Yo`q-yo`q, ularni ayblashmas, faqat hissiyotlaringiz haqida aytish nazarda tutilayapti. Faqat buni xotirjam, xayrixoh ohangda ifodalash shart. Har qanday tushunmovchilik, tortishuvlarga qaramay bir-biringizni qadrlang, yaxshi ko`ring va oila a`zolaringizning o`z-o`ziga bo`lgan ishonchini rag`batlantirishga urining, bir oila ekanligingizni unutmang!