AsosiyJamiyat

Hududlardagi ishga solinmagan imkoniyatlar tahlil qilindi

'Hududlardagi ishga solinmagan imkoniyatlar tahlil qilindi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 19 fevral kuni hududlarda iqtisodiy o`sishni ta`minlash, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo`llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil yanvarda makroiqtisodiy barqarorlik tahlili bo`yicha o`tgan videoselektor yig`ilishida topshiriq berilgan edi. Unga muvofiq, hududlarda ishga solinmagan qo`shimcha imkoniyatlar, tadbirkorlarning muammo va takliflari o`rganildi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor kanaliga qo`shimcha nasos va lotoklar o`rnatish orqali Qarshi tumanida 600 gektar erni o`zlashtirish mumkin. Bu kastor loviyasi etishtirib, uning moyini ishlab chiqarish, 1 ming 400 kishining bandligini ta`minlash imkonini beradi.

Ayrim sanoat zonalarida infratuzilma quvvatini yaxshilash zarur. Shu maqsadda joriy yilda byudjetdan 1,5 trillion so`m ajratilishi belgilangan. Buning natijasida mazkur zonalarning jozibadorligi oshib, korxonalar faoliyati kengayadi va ish o`rinlari ko`payadi.

Sanoat korxonalariga yaqin bo`sh maydonlarda quyosh panellari o`rnatib, ularga qo`shimcha energiya etkazib berish hamda tizimdagi yuklamani engillatish imkoniyati bor.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari korxonalar faoliyatiga ijobiy ta`sir qilgan. Masalan, tekstil uchun bo`yoq importida bojxona imtiyozi qo`llanilgani hisobiga trikotaj mato, ko`ylak, kostyum-shim tannarxi arzonlashgan. Taqdimotda ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish orqali erishilgan natijalarni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, tegishli me`yoriy hujjatlarni takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Mutasaddilarga barcha 208 ta tuman va shaharning “o`sish nuqtalari”ni aniqlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlash vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar