AsosiyMutolaa

Aziz Nesin. Ming marta shukur! (hikoya)

'Aziz Nesin. Ming marta shukur! (hikoya)'ning rasmi

Kadiko`yda Bo`stonji tomonga qatnaydigan tramvayning oxirgi vagoniga bir amallab chiqib oldim. Vagonning orqa tomonidagi maydonchada sakkiz kishi tiqilishib ketyapmiz. Oyog`iga kigiz mahsi bilan kalish, boshiga yirtiq shapka kiyib olgan bir mo`ysafid qo`lidagi to`rvani orqa tomondagi oynakka qo`ydi. Shapka kiygan o`rta yashar yo`lovchi og`ziga somon tiqilgan savatini temir sandiq ustiga qo`ygach, yonidagi odamga murojaat qildi:

— Oshnam, ehtiyot bo`ling, ichida tuxum bor.

Sakkiz yo`lovchi orasida tuxumdan gap ochilib ketdi.

Aslida savatda tuxum o`rniga mix bo`lganida ham nima to`g`risida bo`lmasin, baribir gap bo`lardi. Chunki odam odamni ko`rganda yig`ilib qolgan gaplarini aytib ichini bo`shatgisi keladi.

— Tuxum qanchadan bo`ldi? — deb so`radi yirtiq shapka kiygan boyagi mo`ysafid.

— E, so`ramang, tuxumning narxi chaqib olaman deydi.

— Hozir narxi osmonga chiqmagan narsa qoldimi, hammasi shunaqa…

Charm kamzul kiygan, qop-qora mo`ylovli odam bilan ikkovimizgina gapga aralashmadik. Qolgan olti kishi fotihaga qo`l ochib, omin deyayotganday baravariga «to`g`ri» deb yubordi.

Hozir arzon narsa qoldimi o`zi?

— Arzonchilikni tushda ko`ramiz, afandim, tushda.

— Shu ketishimiz bo`lsa, oxiri nima bo`larkin-a?!

— Ishqilib, oxiri baxayr bo`lsin-da!

— Shu ketishimiz bo`lsa, oxiri baxayr bo`lishiga ko`zim etmay qoldi.

— Kecha narxi ikki lira turgan narsa bugun ikki yarim liraga chiqib ketadi-ya. Axir, bu nima degan gap? Sen uyda uxlab yotganingda ular kechasi bilan narxlarni oshirib chiqishadimi, nima balo.

— Qimmatlikka qimmat-a… Lekin bozorda molning o`zi yo`q-da, og`ayni.

Olti yo`lovchi shu tarzda biri olib-biri qo`yib gapirar, biri gapirayotganda boshqalari «shunday», «to`g`ri, juda to`g`ri», «rost gap» deb tasdiqlab turishardi.

Tramvay Oltiyo`lga kelib to`xtadi. Tushadigan odam bo`lmadi. Bizning maydonchaga yana bir yo`lovchi chiqdi.

— Tirikchilik juda og`ir bo`lib qoldi, — dedi tuxumlarning egasi, — ilgarilari naq ajdahoning og`zidan ovqat olardik. Endi o`sha ajdar og`zidagi ovqat ham naq ichiga kirib ketdi. Qani, mard bo`lsang og`ziga qo`lingni tiqib ko`r-chi.

Yangi chiqqan yo`lovchi gapga aralashdi:

— Qimmatchilik tinkani quritgani etmaganday, ijara haqi sillani quritib tashladi.

Yana hammasi baravar «to`g`ri» deb yuborishdi.

Shu ko`yi biri qimmatchilikdan, boshqasi ijara haqi balandligidan, yana biri kerakli narsani topib bo`lmasligidan, boshqasi uy-joydan gapirib jig`ibiyron bo`lardi. To`g`risini aytsam, men o`sha erda eshitgan gaplarimni hozir yozishga ham botinolmayman. Ular shu darajada qizishib ketishgan ediki, ko`rgan kishi bularni ishdan chiqib, horigan-charchagan holda uylariga emas, xuddi norozilik bildirish uchun biror mitingga ketishyapti, deb o`ylashi mumkin edi. Ularning ovozlari balandlashib, aytayotgan gaplari chinakam nutqqa aylanib ketardi. Ularga qarab: «Hoy, vatandoshlar, bunaqa qilmang, gaplaringiz to`g`ri-ku, lekin siz aytgandek unchalik emas. Qolaversa, bunaqa joyda past-baland gaplarni aytaversangiz, boshingiz baloga qolishi mumkin» demoqchi bo`ldimu, lekin yuragim betlamay indayolmadim. Jahli chiqib turgan odamning yoniga yo`lab bo`ladimi! Sizni u bir balo qilib qo`yishi ham mumkin. Ularning fikriga qo`shilmaganimdan keyin indamay ketaversam nima qiladi?

Tramvay Yo`g`irtchi bekatidan jilishi bilan ular yana avjga chiqib ketishdi. Menga o`xshab boyadan beri jim kelayotgan charm kamzulli odam chidab turolmay:

— Qidirgan narsani topib bo`lmaydi, deb kim aytdi? Ming marta shukur, hamma narsa to`kinchilik, — dedi.

Gapni gapirgan u bo`ldi-yu, men qo`rqib ketdim. O`rtada janjal chiqib, etti kishi bir bo`lib charm po`stinlini bemalol dabdala qilib tashlashi mumkin. Etti yo`lovchiga sekin razm soldim. Ular ham charm po`stinliga tikilib turishibdi. O`rtaga jimlik cho`kdi. Go`yo ular bu odam nima deganini, maqsadi nima ekanligini tushunmaganday.

— Nima bo`lsa yo`q deysizlar. Nima yo`q ekan? Ming marta shukur, qidirsa hamma narsa topiladi.

Etti yo`lovchi hayratda. Yuzini ajin bosgan xomush yo`lovchi birinchi bo`lib o`ziga keldi:

— Ming marta shukur. Hamma narsa topiladi.

Boshqalar ham yana «omin» demoqchi bo`lganday, bab-baravariga:

— Ming marta shukur! — deb yuborishdi.

— Xudoga shukur, yurtimizda qimmatchilik yo`q, — dedi charm po`stinli odam.

— Qimmatchilikni o`zimiz qilamiz, — javob berdi unga hozirgina qimmatchilik haqida g`azab bilan gapirib turgan, yo`lovchi, — hammayoq qimmatchilik, deganimizdan keyin qimmatchilik bo`lib ketaveradi-da.

— To`g`ri. U narsa yo`h, bu narsa yo`q, deyaverib, borini ham quritdik. O`rtamizdan baraka ko`tarildi. Ming marta shukur, hamma narsa serob.

— Ming marta shukur.

— Ming marta shukur.

— Men sizlarga gapirib beraman, mana o`zingiz ko`ring, — dedi ularga charm kamzulli odam, — o`zim shoferman. Bundan o`n olti yil burun oyiga bir yuz yigirma lira olardim. O`sha paytlarda bir kilo qand o`ttiz qurush turardi. Hozir bo`lsa bir kilo qand ikki lira. Lekin maoshim ham oshgan — olti yuz lira olaman. Xo`sh, nima gap ekan? Qandning narxi ko`tarilgan bo`lsa, maoshlar ham oshgan-da.

— Ha, oshgan, ming marta shukur.

— Hozir qo`lda pul ham ko`p, — dedi qimmatchilik haqida gap boshlaganlardan biri. — Ming marta shukur, pul serob.

— Hammol ham hozir kuniga o`n besh lira ishlasa ham, kam deydigan bo`lib qoldi.

— Juda to`g`ri.

Yirtiq shapkali chol gapga aralashdi:

— Yo`qchilikka ham, borchilikka ham o`zimiz aybdormiz. Bittasi turib «choy yo`q» deydigan bo`lsa, hamma choyga yopishadi. Qarabsizki, choy topib bo`lmay qoladi. Shunday qilgandan keyin, bor narsa ham yo`qoladi-da. Ming qatla shukur, hamma narsa bor.

— Xudoga shukur, hamma yoqda to`kinchilik.

Tramvay Feneryo`liga kelib to`xtagan edi, yo`lovchilardan biri:

— Ming marta shukur, ming marta shukur, — deganicha vagondan tushib ketdi.

— Ko`rinib turibdi, hozir sanoatimizda ko`tarilish bor, — yana gap boshladi charm kamzulli, — shuning uchun chetga mol chiqaryapmizu, o`zimiz-mol olmayapmiz. Ba`zi narsalar topilmayotganligining sababi ham shunda.

«Ming marta shukur»ga o`rganib qolganlardan biri:

— Topilmayapti, ming marta shukur, — deb yubordi.

U shu zahotiyoh xatosini tuzatdi:

— Ha, hozir ko`tarilish payti-da, nari borsa bir-ikkita narsa topilmaydi, xolos. Payti kelib ular ham topilib qolar, ming marta shukur.

Yana charm kamzulli gapga tushdi:

— Ming marta shukur, Istambul shu vaqtga qadar bunchalik ko`tarilishni, bunchalik farovonlikni ko`rmagan.

— To`g`ri aytasiz, hecham ko`rmagan, ming marta shukur. Ya`ni hozir ko`ryapti. Sulton Fotih zamonidan buyon qo`l urilmagan ko`chalar ochilyapti.

— Ha, ochilyapti, ming marta shukur.

— Ba`zi narsalarni buzib tashlashyapti.

— Buzib tashlashyapti, ming… Hah, yo`llar ochishyapti.

«Ming marta shukur»ni ming marta eshitib, Jaddai bo`stonga etib keldik. Maydonchada ketayotgan yo`lovchilar birin-ketib tushib, bu yog`iga charm kamzulli odam bilan ikkovimiz qoldik. U to`satdan:

— Siz nima deysiz? Boyadan beri og`iz ochganingiz yo`q! — deb yuborsa bo`ladimi.

Manavi rasvogarchilikni qarang, nima qilaman endi? Boshimni egib, elkamni uchirdim-da, ikki qo`limni ikki tomonga yoydim. Bu «nima deyishga hayronman» deganim edi. Men na boyagi gaplarga qo`shiladigan pessimist, na «ming marta shukur» deydigan optimist edim. Charm kamzulli yana qo`ymadi:

— Xo`sh, siz nima deysiz?

Tramvay bunchalik tez ketmayotgan bo`lganida, o`lay agar, vagondan sakrab tushib qolardim. Noilojman, charm kamvulli esa savolini yana qaytardi. Men ham yana elka uchirib, bilmayman, deganday labimni burdim.

— Shunaqa pastkash odamlar ham bor-a? — deb so`radi mendan.

— Kimni aytyapsiz? — dedim hayron bo`lib.

— Hozirgina ming marta shukur deb valdirab kelganlarni-da.

— Ha…

— Hozir hammasi meni so`kyapti. «Ming marta shukur» deb turganlaridayoq buni sezgan edim. Bularni qayoqqa sudrasang, o`sha yoqqa ketaverishadi. Faqat sudrashni bilsang bo`ldi.

Tramvay Eranko`yga yaqinlashib qoldi.

— Nima deysiz, qimmatchiligi rostmi o`zi?

Charm kamzulli mendan qanday javob kutayotganligini bilmaganligim uchun mushkul ahvolda qoldim.

— Chindan ham qidirgan narsa topilmaydimi? Chindan ham qimmatchilikmi?

— Ming marta shukur! — dedim men ham.

Shu payt tramvay to`xtagan edi, bir sakrab erga to`shdim. Charm kamzullidan qutulganimga chindan ham ming marta shukur!

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi


 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar