AsosiyJamiyat

Samarqandda FVV xodimi 600 AQSh dollari bilan ushlandi

'Samarqandda FVV xodimi 600 AQSh dollari bilan ushlandi'ning rasmi

Ma`muriy javobgarlikka tortmaslik evaziga 600 AQSh dollari talab qilgan FVV xodimi qo`lga tushdi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda IJQK Departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limi Aholi va hududlarni muhofaza qilish bo`yicha kichik inspektori Sh.J. mahalliy fuqarodan pora olayotgan vaqtda qo`lga olindi.

Ma`lum bo`lishicha, Sh.J xizmat mavqeyidan foydalanib, vakolatiga kirmasa-da, Favqulodda vaziyatlar tuman bo`limi yo`riqchi-qutqaruvchisi hamda Profilaktika va nazorat bo`linmasi kichik inspektori bilan birgalikda Samarqand tumani “Qaynama” MFY hududida joylashgan "O.P." va "R.K. 777" mas`uliyati cheklangan jamiyatlarida yong`in xavfsizligi yuzasidan tekshirish o`tkazib, yakunda "O.P" mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari L.R.ning o`zi va opasi K.R.ga tegishli "R.K. 777" MChJlarda yong`in xavfsizligi talablari bo`yicha bir qator kamchiliklar aniqlanganligini vaj qilib, ushbu kamchiliklarni tekshirish dalolatnomasiga qayd etmasligi va ularni ma`muriy javobgarlikka tortmasligi uchun 600 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag`ini berishni talab qiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Sh.J. talab qilingan 600 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro Sh.J.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qonuniy chora ko`rilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar