AsosiyJamiyat
1771

Shavkat Mirziyoev va Putinning uchrashuvi bo`lib o`tdi

'Shavkat Mirziyoev va Putinning uchrashuvi bo`lib o`tdi'ning rasmi

21 fevral kuni Qozon shahriga amaliy tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini sportning an`anaviy va virtual turlarini o`zida mujassam etgan “Kelajak o`yinlari” birinchi xalqaro musobaqasi o`tkazilayotgani bilan samimiy qutladi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari, jumladan, o`tgan yil 5-7 oktyabr kunlari Moskva shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.

Etakchilar O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2023 yilda bo`lib o`tgan Hukumatlararo komissiya yig`ilishlari, hududlar, ta`lim, tibbiyot forumlari, qator boshqa ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlashning ijobiy sur`ati saqlanib qolmoqda. Sanoat, energetika, transport, kimyo, farmasevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Hududlar o`rtasidagi kooperasiya aloqalarini rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratildi.

Toshkent va Jizzax viloyatlarida industrial texnoparklar muvaffaqiyatli ishlamoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida yangi “Alabuga” va “Master” innovasiya parklari barpo etilmoqda.

Davlat rahbarlari transport yo`laklarini birgalikda rivojlantirish, temir yo`l transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, bo`lajak xalqaro tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar