AsosiyJamiyat

Metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi

'Metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi'ning rasmi

O`zbekistonda 21 fevral kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 246,8 million kVt/soat, rejadagiga nisbatan 5 foiz ko`p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,9 million kubometr tabiiy gaz, 23,5 ming tonna ko`mir hamda 12 ming tonna mazut yoqilgan. Turkmanistondan 20 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilingan.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketgani hamda aholi iste`molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli 21 fevral kuni ham respublika bo`ylab asosan kunning tig`iz vaqtlarida 500 MVtgacha cheklovlar kiritilgan.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o`zgargunga qadar bugun ham kunning tig`iz paytlarida ma`lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Kecha soat 15:10 da 17 fevral kuni Buxoro viloyatida kuchli shamol natijasida yuqori kuchlanishdagi ikkita elektr uzatish tarmog`ida yuz bergan nosozlik to`liq bartaraf etilgan.

Ta`kidlanishicha, ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida magistral gaz quvurlaridagi bosim me`yoriy sxemadagidan pastligicha qolmoqda. Tabiiy gaz hajmi me`yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani me`yoriy sxemaning to`liq tiklanishini kechiktirmoqda.

“Gaz bosimining kamayganini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob`ektlarini tabiiy gaz bilan ta`minlash maqsadida mamlakatimizdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugundan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, avvaldan belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Metan zapravkalar bilan bog`liq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar axborot resurslarida, shuningdek, “Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining rasmiy axborot manbalari orqali xabar qilib boriladi.

    Boshqa yangiliklar