Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Oltinko`l tumanida 21 yoshli kelinning o`z joniga qasd qilgani to`g`risida xabarlar tarqaldi. Marhumaning oilasi esa qizining o`z joniga qasd qilganiga ishonmagan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Marhumaning oilasi esa qizining o`z joniga qasd qilganiga shubha bilan qaragan. Oila uning o`limida kuyov, qaynona va qayniukasini qo`li bor deb hisoblagan. Yosh oilaning bir nafar farzandi ham bo`lgan.
Surishtiruv o`tkazgan blogerning ma`lum qilishicha, marhumaning o`z joniga qasd qilgan, deya yopib yuborilgan jinoyat ishi qaytadan ochilgan. Kelinchakning turmush o`rtog`i sudga ayblanuvchi deya jalb qilingan. Ammo marhumaning onasi qizining o`limiga oilaning boshqa a`zolari ham aloqadorligini davo qilib, suddan adolatni talab qilgan.
“Qizimning murdasi uchun ham korrupsiya aralashyapti. Qizimni ular urib, molxonaga qo`yib qo`yishgan. Biz borganimizda ular qizimni o`zini osib qo`yganini aytishdi. Lekin shifokor qizimdagi jarohatlarni o`lishidan oldin bo`lgan deb ko`rsatma berdi.
Hattoki yo`q odamlar ham sudda ko`rsatma beryapti. Men yozib bergan qog`ozni "milisiya" yo`q qilib yuborayapti. Mening qizim qachon tirilib keladi, ular qamoqdan chiqadi",- deydi marhumaning onasi.
Andijon viloyati sudlarining xabar qilishicha, holat yuzasidan dastlabki sud majlisi joriy yilning 26 dekabr kuni boshlangan.
JIB Oltinko`l tumani sudiga JK 109-moddasi 2-qismi (qasddan badanga engil shikast etkazish) va 103-moddasi (o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish) 2-qismi "a" bandi bilan sudlanuvchi O.N.ga oid ish kelib tushgan.
Joriy yilning 20 fevral kuni mazkur sud ishi JIB Oltinko`l tuman sudi ochiq sud majlisida ko`rib chiqildi.
Sud hukmiga ko`ra, O.N. JKning 109-moddasi 2-qismi va 103-moddasi 2-qismi ”a” bandi bilan aybli deb topildi. Unga ko`ra, O.N.ga tayinlangan jazolarni JKning 59-moddasi tartibida qisman qo`shib o`tash uchun uzil-kesil 9 (to`qqiz) yil 3 (uch) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.