AsosiyJamiyat
5875

Farg`onada kelinni aldab, to`y kuni qochib ketgan kuyov 6 yilga qamaldi

'Farg`onada kelinni aldab, to`y kuni qochib ketgan kuyov 6 yilga qamaldi'ning rasmi

Ikki yosh qancha vaqtdan mobaynida gaplashib yurishadi. To`y belgilanib, barchaga taklifnomalar tarqatilgach to`y kuni kuyov g`oyib bo`ladi.

Mazkur ish bo`yicha JIB Quva tumani sudida bir ayolni aldab, pullarini o`zlashtirgan kuyovga sud hukmi o`qildi. 

Qayd etilishicha, farg`onalik D.Safarova televizor ko`rib o`tirib, TV reklamasida e`lon qilingan mahsulotni buyurtma berish uchun ko`rsatilgan raqamga qo`ng`iroq qiladi. Oradan bir necha kun o`tib o`zini reklama qilingan mahsulot korxonasidan deya tanishtirgan K.Shuhratov (taraflarning ismi-familiyasi o`zgartirilgan) telefon qilib, uning buyurtmasi bo`yicha ayrim masalalarni aniqlab olishi kerakligini aytib suhbat boshlaydi.

K.Shuhratov suhbat davomida D.Safarovaning o`qishni tamomlab ishlayotgani, turmushga chiqmagani, oilasi va boshqa ma`lumotlarni batafsil so`rab oladi. Shundan so`ng, K.Shuhratov o`zining g`araz maqsadini amalga oshirish rejasini tuzadi va bir necha kundan so`ng Toshkentdan Marg`ilon shahriga keladi.

D.Safarova uni izlab kelgan K.Shuhratovni ko`rgach, go`yoki "bir necha yildan buyon o`zi kutgan insonni uchratgandek bo`ladi". Yigitning barcha talablarini hech shubhalanmay bajaradi. Jumladan, K.Shuhratov unga uylanish maqsadida "uyini ta`mirlash uchun" pul so`raganda, to`plab yurgan barcha pullarini beradi. Yigit uni deb tayyor ishini tashlab kelganini aytadi, kelgusida taksichi bo`lib ishlashi uchun mashina sotib olishga yordam so`raganda, hech ikkilanmay ota-onasidan pul olib beradi.

Bundan tashqari kredit do`konlaridan va tijorat banklaridan pul hamda turli tovarlar olib berishni iltimos qiladi. D.Safarova bu talablarni ham bajaradi.

Ma`lum qilinishicha, K.Shuhratov D.Safarova to`ygacha nikohdan o`tib, yashab turish taklifini beradi. So`ng, D.Safarova nikoh o`qitib o`z uyidan K.Shuhratovga joy beradi. Ro`zg`or xarajatlarini barchasini D.Safarovaning o`zi ko`taradi.

D.Safarovaning ota-onasi va aka-ukalari "kuyovdan" to`y qilishni, nikohni el-yurtga oshkor qilishni so`ray boshlaydi. K.Shuhratov Farg`ona shahridagi to`yxonada dabdabali to`y qilishiga D.Safarova va uning yaqinlarini ishontirib, to`y kunini belgilaydi. Hatto taklifnomalarni D.Safarovaning yaqinlariga tarqatib, hammani to`yga taklif etadi.

Shundan so`ng, K.Shuhratov kelin va uning yaqinlarini to`plab ularga qimmatbaho to`yxonada katta to`y qilish uchun ancha qarz bo`lib qolganini, o`ziga yana biroz yordam kerakligini aytib ularni ishontiradi. Barchaning to`yona pullarini yig`ishtirib olib Toshkent viloyatiga qochib ketadi.

K.Shuhratovga Jinoyat Kodeksining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Aniqlanishicha, K.Shuhratov oilali, ikki nafar farzandi bor ekan. Ularga ishlab, pul topib kelishini aytib, uyidan chiqib ketgan.

Sudda ham K.Shuhratov o`zi etkazgan zararlarni qoplash o`rniga, oilasidan ajrashib D.Safarovaga uylanishini aytadi. Ammo, D.Safarova bunga ishonmaydi.

Sud hukmi bilan firibgar K.Shuhratov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar