AsosiyJamiyat
1279

Toshkentda yirik investisiya forumi o`tkaziladi

'Toshkentda yirik investisiya forumi o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yil 2-3 may kunlari uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumi (TXIF-III) bo`lib o`tadi. Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma`lumotiga ko`ra, TXIF nafaqat O`zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim tadbir hisoblanadi. An`anaga muvofiq, dasturga yalpi majlis, turli masalalar muhokamasiga bag`ishlangan ekspertlarning 50 dan ortiq uchrashuvi, jumladan munozara, davra suhbati va B2B muzokaralar kiritilgan.

Har bir ishtirokchi hamkorlar bilan manfaat kesishadigan nuqtalarni topishi, muayyan investisiya loyihalarini o`rganishi, o`nlab yo`nalishlarda ro`y berayotgan so`nggi tendensiyalarni muhokama qilishi va istiqbolli takliflarni qabul qilishi mumkin.

Kun tartibida dunyodagi iqtisodiy turbulentlik sharoitida barqaror o`sish sur`atini namoyish etayotgan, bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoda haqiqiy investisiya markaziga aylanib borayotgan mamlakatimizning salohiyatini namoyon etish alohida o`rin egallagan. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoit – salmoqli imtiyoz va preferensiyalar, investorlar huquqi kafolatli himoyalangani sarmoyadorlar qiziqishini oshirmoqda.

Qayd etish kerak, yil sayin forum miqyosi va geografiyasi kengaymoqda. Ilk anjuman – TXIF-2022 56 davlatdan 2 mingdan ziyod yirik investor va yuqori martabali mehmonni, TXIF-2023 esa 70 mamlakatdan 2500 ishtirokchini jamlagan. Oxirgi tadbirda 11 milliard dollarlik 164 hujjat imzolangan. 2024 yil Toshkent sayyoramizning barcha qit`alaridan yanada ko`proq mehmonlar – investorlar, rasmiylar va tahlilchilarni qabul qilishi kutilyapti.

Forumda qatnashish uchun www.iift.uz sayti orqali joriy yil 25 aprelgacha onlayn ro`yxatdan o`tish mumkin.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar