MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi qidiruv shu`basi inspektorlari hamda byuroning Angor tuman bo`limi tomonidan olib borilgan tadbir davomida farzandlarining moddiy ta`minotidan bo`yin tovlab, ikki yil oldin qidiruvga berilgan ota o`z xonadonining erto`la qismidan topildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga MIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, Angor tumanida yashovchi fuqaro F.M. turmush o`rtog`i bilan ajrashgandan so`ng, 2019 yil yanvar oyidagi sud buyrug`iga asosan voyaga etmagan 3 nafar farzandining moddiy ta`minotiga mas`ul etib belgilangan. Ammo qarzdor ota aliment to`lashdan bo`yin tovlab kelgan. Qidiruvda bo`lgan ota haqida olingan ma`lumotlar asosida MIB Angor tuman bo`limi davlat ijrochisi Sayyora Tojieva qarzdorning yashash manziliga borib, yaqinlariga ijro ishi haqida tushuntirish bergan. Ammo bundan naf bo`lmagach, xonadondagi qoramolni xatlovga olish jarayonida to`satdan kutilmagan holat yuz bergan: qoramoldan ayrilishni istamagan xonadon egalari qarzdor uyning erto`lasiga yashirinib olganini aytishgan.
Qarzdor ota ishi jinoyat ishlari bo`yicha Angor tuman sudida ko`rib chiqilib, unga 51 mln so`mdan ortiq aliment qarzdorligi sabab 15 sutkalik ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.