AsosiyJamiyat

DXX Samarqand va Farg`onada sifatsiz dorilarni sotayotganlarni qo`lga oldi

'DXX Samarqand va Farg`onada sifatsiz dorilarni sotayotganlarni qo`lga oldi'ning rasmi

Samarqand va Farg`ona viloyatlarida sifati kafolatlanmagan hamda 
tegishli hujjatlari bo`lmagan dori vositalarining savdosiga chek qo`yildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Pastdarg`om tumanida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan 3600 dona “S-Gen” nomli dori vositalarini 46 mln. so`mga sotgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, undan mazkur dorilarning go`yoki davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi soxta muvofiqlik sertifikati ham ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bundan tashqari, uning yashash xonadonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo`lmagan 240 dona “ViVaNarin” nomli dori vositasi ham prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Qo`qon shahrida yashovchi, 1989 y.t. fuqaro umumiy qiymati 121 mln. 800 ming so`mlik,2400 dona “Ampisillin”, 1600 dona “Infera”, 1600 dona “Ferrovell jeleza gidroksid saxarozny kompleks” va 125 dona “Gonadotropin xorionicheskiy” nomli dori vositalarini Namangan shahridagi dorixonalarga yubormoqchi bo`lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko`ra, ushbu dorilar dori vositalari va tibbiy buyumlar Davlat reestriga ro`yxatga olinmaganligi hamda Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitiga amal qilinmaganligi bois, ularni respublika hududida sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo`llash taqiqlanadi.

Ta`kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam shu turdagi jinoyatni sodir etganligi uchun 2023 yil Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 165-1-moddasi bilan jarima jazosiga tortilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar