Hindistonning Karnataka shtati Bengaluru shahridagi mehmonxonalardan birida o`zbekistonlik ayolning jasadi topilgan, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Qayd etilishicha, mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi Bengaluru shahri polisiya idorasi vakillari bilan tezkor tarzda aloqa o`rnatdi va mazkur holat bo`yicha oydinlik kiritish bo`yicha harakatlarni amalga oshirmoqda.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, joriy yil 13 mart kuni mazkur shaharning "Jagadish Hotel" mehmonxonasida O`zbekiston fuqarosi, 1997 yil Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan Z.J. ismli ayol o`z xonasida o`lik holatida topilgan.
Hozir mutasaddi tashkilotlar tomonidan mazkur hodisaning sabablari aniqlanmoqda. Diplomatik missiyasining konsullik bo`limi ushbu jarayonni o`z nazoratiga olgan.
Elchixona tomonidan zarur konsullik-huquqiy yordam ko`rsatilishini tashkil etish maqsadida marhumaning oila a`zolari bilan aloqa o`rnatish choralari ko`rilmoqda.
O`zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ushbu voqea yuzasidan ma`lumotlarga ega bo`lganlardan dipmissiya konsullik bo`limiga quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishini so`raydi:
Telefon: +91 11 2467 0774/75
El. pochta: in.uzembassy@mfa.uz va info.uzbekembassy@gmail.com
Telegram-bot: @consuluzbindia_bot
14.03.2024 18:29