Bahorning aprel-may oylarida Toshkent shahrida issiq suv ta`minotida uzilishlar bo`ladi. Bu haqda "Veolia Energy Tashkent" xabar berdi.
Qayd etilishicha, bahorda kompaniya tomonidan bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan bo`lib, ularni qozonxonalarni to`xtatmasdan turib bajarishning imkoni yo`q.
Veolia Energy Tashkent mahalliy qozonxonalari faoliyati to`xtatilish davomiyligi ikki kun bo`lib, bu 1 apreldan 31 maygacha amalga oshiriladi.
"Biz ta`mirlash va profilaktika ishlarini, jumladan, klapanlarni almashtirish, tarmoq nasoslarini to`liq tekshirish hamda almashtirish, elektr ta`minoti tizimlarini tekshirish, qozonxonalarning quvurlari va tegishli jihozlarini demontaj qilish va o`rnatish, shuningdek, issiqlik almashtirgichlarda profilaktik ishlarni amalga oshiramiz", deyiladi xabarda.
Issiq suv ta`minoti o`chiriladigan ikkinchi muddatda barcha 3 ta issiqlik ishlab chiqaruvchi korxona (“Toshkent Issiqlik markazi”, “Toshkent issiqlik elektr markazi”, Veolia Energy Tashkent)ning markaziy qozonxonalari faoliyati to`xtatiladi:
Davomiyligi – 4 kun;
davr – 15 apreldan 31 maygacha.
Ushbu davr mobaynida Toshkent shahridagi issiq suv ta`minoti tizimini ta`mirlash va texnik xizmat ko`rsatishni amalga oshiriladi. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi xodimlari kelgusidagi isitish mavsumida yanada samarali va ishonchli issiqlik ta`minotini etkazib berish maqsadida eskirgan kommunikasiyalarni almashtirib, issiqlik tarmoqlarini modernizasiya qiladi. O`chirish jadvali keyinroq e`lon qilinishi aytilgan.
Veolia Energy Tashkent MChJ XK yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so`raydi va ishlarni o`z vaqtida yakunlash uchun barcha zarur choralarni ko`radi.