1

Sovchilarga 12 maslahat

SUG'DIYONA 23.11.2016, 10:17
Teglar: Ayol, Oila, Baxt
Sovchilarga 12 maslahat

Avvalo, sovchilik martabasi muborak bo`lsin! Kulmang, axir sovchilikka hammani ham munosib ko`rishmaydi! Hurmat-e`tiborga sazovor insonni sovchilikka mos deb bilishadi.

 

1. «Qulchilikka keldik», degan inson farishtali, ko`pni ko`rgan, kelin tushirib, qiz chiqargan bo`lsa, bu vazifani a`lo darajada uddalaydi. Chunki maqsadga erishmoq uchun kelgan xonadoningiz odamlariga avvalo siz — sovchi xonim yoqishingiz shart! Ularda yaxshi taassurot qoldirishga harakat qiling.

2. Qo`lni ko`ksingizga qo`yib (kelinlikni bir eslab), ta`zim bajo keltirgancha, sizni qarshilagan qizning onasini bag`ringizga bosib (hayajondan yuragi gursillab ura boshlaganini sezasiz), quyuq ko`rishing. Ruxsat bermaguncha ostonada turing. «Xush ko`rdik, marhamat»dan so`ng ohista qadamlar bilan «Bismillohir rahmonir rohiym»ni aytib, «Qadam etdi, balo etmasin, uyingiz nurga to`lsin!» deya duo qilib, ko`rsatilgan joyga asta, omonatgina o`tiring.

3. Qizning onasiga tikilib-tikilib qaramang, xijolatga qo`yasiz. Ehtiyot bo`ling, siz har bir so`zingiz, xatti-harakatingiz bilan qizposhshaning onasida yaxshi taassurot qoldirishingiz kerak.

4. Samimiy va ming yillik qadrdon dugona yo opa-singildek munosabatda bo`ling. Orada xijolatpazlik bo`lmasa, onaning o`zini, fe`l-atvorini o`rgana boshlaysiz. «Onasini ko`r, qizini ol, arqog`ini ko`r, bo`zini ol» deganlaridek, siz endi ikkinchi mas`ul vazifani ham bajarishga kirishgan bo`lasiz.

5. Momolarimiz sovchilikka borganda avvalo hovlining toza-ozodaligiga e`tibor qilib, so`ng albatta oshxonaga nazar solisharkan. Idish-tovoqlarning saranjomligiyu pashsha-chivin bor-yuqligidan ushbu oila va bu erda tarbiya topayotgan qizlarga baho berishgan ekan. Siz ham taomilni qilaman deb urinmang. Dasturxon tuzatilgani, olib kelingan choynak-piyolaning tozaligi va choy uzatish tartibi, dasturxonda ushatilgan nonlarning qay tartibda qo`yilishiga qarab baho bersa ham bo`ladi.

6. «O`g`lim bor, norim bor» deb kerilib, beandoza gaplar gapirmang, tag`in. Mulohazali bo`lib, kuyov tomon haqida kamtarona gapiring. Uy-joy hashamatini, to`y dabdabasiyu falon restoranda tantana o`tkazilishi rejalarini emas, kuyov bolaning ota-onasi, oilaning ijtimoiy ahvoli, yigitning kasb-kori (garchi ular xabardor bo`lsalar-da), yoshlarning baxtli oila qurishi uchun qilinayotgan ezgu orzu-o`ylar, va albatta ular to`ydan keyin qaerda qanday sharoitda yashashlarini yashirmay, borligicha gapirish kerak.

7. «Elchiga o`lim yo`q», deganlar. Siz ham elchilik qilmoqdasiz. Ikkala tomonga barobar turib, iymon-insof bilan borini gapiring, bo`rttirishning hojati yo`q. Chunki ertaga yangi oila bunyod bo`lib, sizning yolg`on-yashiqlaringiz oshkor bo`ladi, ikki o`rtada obro`-e`tibordan qolasiz.

8. «Bir borganimdayoq darrov javobni olib kelaman», deb o`ylamang. Qizi borning nozi bor, deydilar. Qiz tomon «maslahatlashib ko`ramiz» deganiga jig`ibiyron bo`lmang. Shart etib «yoshlar bir-birini biladi-ku, nimasini maslahat qilasizlar, tavba» deb ensani qotirmang. Qiz bola aytdim, deb ota-onasiga aytolmasligi mumkin. Har xil holat bor, vazmin va sabrli bo`lib, izzat-ikrom bilan qutlug` xonadonni ezgu duolar va umidvorlik so`zlari bilan chiroyli tark eting. Ota-bobolarimiz. «Qaytib kiradigan xonadon eshigini qattiq yopmagil», deganlar.

9. Qiz tomonning past-baland, achchiq-chuchuk gap-so`zlarini tafakkur qilib ko`ring. Sovchilik oson emas, adolat qiling. «Yaxshisini oshirib, yomonini yashirib» degan maqolni bu masalada qo`llash nojoiz, deb o`ylaymiz. Chunki quda bo`lguvchilar bir-birining ma`naviy olamini anglashi, shunga qarab muomala qilishiga to`g`ri keladi. Maqsad inson umrida bir marta quriladigan oila baxtli bo`lib, sadoqat bilan yashashi, sog`lom farzandlarni tarbiyalashdir.

10. «Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi». Sovchilikka kimnikiga borayotganingizni bilmasligingiz mumkin, lekin kim tomondan kelayotganingizni yaxshi bilasiz. Xotin qo`yvorgan, bolalarini zor qaqshatgan «bo`ydoq ota»larga 17-18 yoki 20-21 yoshlardagi kechagina erinikidan qaytib kelgan tannoz xonimchalarga sovchi bo`lib borish uyat, sharmandalikdan tashqari gunohi azimdir. Ming afsuski, shunday voqealarga ham guvoh bo`lmoqdamiz. Yoki shar`iy nikoh o`qitish yo`li bilan ruxsat bor, deb o`zicha noto`g`ri, ham dinimizga, ham davlatimiz qonunlariga zid holda yosh, ma`naviy farosati shakllanib ulgurmagan juvonlar va qizlarni badavlatroq kishilarga ikkinchi xotinlikka da`vat qilayotgan «sovchilar» ham uchramoqda. Ular qonun oldida javob berishlari tayin. Bu borada Xudodan qo`rqish kerak!

11. Faqat yaxshilik qiling. Niyat sof, beg`ubor bo`lsin. Birovning uyiga borishdan oldin qalbingizga yaxshi tilaklarni joylab, bu yaxshilik bir umr savob keltirishini fikrlab, «odamlarga yaxshilik qilsam, bolalarimning oldiga qaytadi, inshaalloh» degancha ostona xatlab ko`chaga chiqing. Niyatingiz yo`ldoshingiz bo`lishi tayin.

12. Hech qachon ikkilanib qadam tashlamang. Borni ham yo`qqa chiqarasiz. Sovchilikka tajribangiz kamroq bo`lsa, iloji boricha hurmat qilgan quda buvilar bilan birga boring. Hayot o`rganish va ibratdan iborat. Niyati ulug` odamning ishlari yurishadi. Adolatu insofni dasturulamal qilgan sovchi qadam qo`ygan xonadonlarda jiddiy va sog`lom turmush hukmronlik qiladi. Tilyog`lamalik, qalloblik, aldov bor joyda oqibat bo`lmaydi. Qadamingiz qutlug` bo`lsin, sovchilar!

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1