AsosiyJamiyat

“Chortoq ichki ishlaridan yana bir fuqaroning o`ligi chiqdi”

'“Chortoq ichki ishlaridan yana bir fuqaroning o`ligi chiqdi”'ning rasmi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Chortoq ichki ishlaridan yana bir fuqaroning o`ligi chiqdi” sarlavhasi ostida xabarlardagi holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olingani ma`lum qilindi.

Ombudsmanga taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning 7 aprel kuni soat 20:00larda marhumning turmush o`rtog`i erining uyga mast holatda kelib, janjal qilayotganligi haqida Chortoq tumani IIB profilaktika inspektoriga xabar qilgan.

Profilaktika inspektori murojaatni joyiga chiqib o`rgangan va marhumni hushyorlantirish maqsadida Yangiqo`rg`on tumanida joylashgan markaziy shifoxonaga olib borgan. Profilaktika inspektori tegishli hujjatlar va dalolatnoma rasmiylashtirgan holda marhumni soat 21:58da hushyorxonaga topshirgan.

Marhum I.U 2024 yil 8 aprel kuniga o`tar kechasi soat 00:45larda ushbu hushyorxonaning darchasidagi temir panjarasiga choyshabdan sirtmoq yasab, o`zini o`zi bo`yin sohasidan osib, o`z joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.

Ombudsmanga taqdim etilgan Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Namangan filiali Yangiqo`rg`on tumanlararo bo`linmasining dastlabki ma`lumotnomasiga ko`ra, U.I.ning o`limi “bo`yin sohasining siqilishidan kelib chiqadigan mexanik asfiksiya, o`tkir yurak qon-tomir va nafas etishmovchiligi” oqibatida sodir bo`lgan. Uning tanasida “bo`yin qismidagi strongulasion egat”dan boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hozirda holat yuzasidan prokuratura idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shu kuniyoq Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a`zolari va yaqinlari bilan suhbatlashgan.

 

    Boshqa yangiliklar