Prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 noyabrdagi qaroriga muvofiq, kibersport turlari ommalashtirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida sobiq tennis korti binosi o`rnida kibersport arenasi tashkil etildi. 1 ming 200 tomoshabinga mo`ljallangan asosiy zal zamonaviy holatga keltirildi. Shuningdek, bu erda 12 ta o`quv va mashg`ulot xonalari, majlislar zali, 35 o`rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.
Arena universal bo`lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo`yicha xalqaro musobaqalarni, “Besh tashabbus” tadbirlarini o`tkazish ham mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo`nalishlar o`qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo`yicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu erda kiber sport, shaxmat, “Zakovat” intellektual o`yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi.
- Bugun Jizzaxning ko`p joylarida bo`ldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik ko`lami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq - yoshlarimizning harakati, niyati, o`ziga ishonchi. Biz belgilab olgan Strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so`zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g`oliblari bilan do`stlik musobaqalari o`tkaziladi.
Har bir yo`nalish bo`yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yo`naltirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






