Avval xabar qilganimizdek, Rossiyaning Samara viloyatida O`zbekiston fuqarolari bo`lgan avtobus YTHga uchrab, ikki kishi vafot etdi. Holat yuzasidan O`zbekistonning Rossiya Federasiyasidagi Elchixonasi xabari e`lon qilindi.
O`zbekistonning Moskvadagi Elchixonasi 2024 yil 8 aprel kuni Samara viloyatida sodir bo`lgan baxtsiz hodisa natijasida halok bo`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Qayd etilishicha, hodisa Samara viloyatidagi Ural-Muxanovo trassasida sodir bo`lgan. Chimkent-Nijniy Novgorod yo`nalishi bo`ylab harakatlanayotgan avtobus yo`ldan chiqib ketib, ag`darilib ketgan. Hodisa vaqtida avtobusda 66 yo`lovchi bo`lgan. Oqibatda ikki nafar O`zbekiston fuqarosi halok bo`ldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi va tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.
Zarur yordam ko`rsatish maqsadida O`zbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga etib borishdi.
“Bu borada diplomatlarimiz Rossiya Federasiyasining Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Vaziyat alohida nazorat ostida”, - deyiladi xabarda.
Zarur hollarda, qo`shimcha ma`lumot uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilish mumkin:
- O`zbekistonning Moskvadagi elchixonasi konsullik bo`limining call-markazi: +7 499 238-36-20; +7-499 230-00-76
- O`zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi: +7 843 526 55 63; elektron pochta manzili: kaz.uzconsulate@mfa.uz.






