AsosiyJamiyat
1677

O`zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasi taqiqlanishi mumkin

'O`zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasi taqiqlanishi mumkin'ning rasmi

“Ayrim qonun hujjatlariga tamakini va nikotinni iste`mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilash bo`yicha o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi e`lon qilindi.

Tahlillarga ko`ra, elektron sigaretalarni chekuvchi o`smirlar va yoshlar salmog`i katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar ko`p.

Hujjatda aytilishicha, maktablarning yuqori sinf o`quvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez sur`atlarda ortmoqda, xususan, 26,6 ming o`g`il bolalar va 8,6 ming qiz bolalar chekishga moyil;

Maktab va jamoat joylarida o`tkazilgan reydlarda o`quvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan-yilga tobora oshib bormoqda. 2019 yilda 6 ta holat, 2020 yilda - 27 ta, 2021 yilda - 31 ta, 2022 yilda - 856 ta, 2023 yilda – 1040 ta aniqlangan.

18-29 yoshdagi aholi orasida tamakini qizdirish tizimidan foydalanish darajasi (252 ming nafar) 30-69 yoshdagi aholiga (94,2 ming nafar) nisbatan 2,5 baravardan ko`p. Agar zarur choralar ko`rilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi.

Shu munosabat bilan:

✓ birinchidan, O`zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash;

✓ ikkinchidan, ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bog`liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.

O`zbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash maqsadida loyihada qator jihatlar nazarda tutilmoqda.

“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi qonunga tamakini hamda nikotinni iste`mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarini mamlakatga olib kirish, O`zbekiston hududi orqali tranzit qilish hamda O`zbekiston hududida ishlab chiqarish, realizasiya qilishni taqiqlovchi taalluqli o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o`tkazish, realizasiya qilish, shuningdek O`zbekiston hududiga olib kirish va O`zbekiston hududidan olib chiqish, shuningdek O`zbekiston hududi orqali tranzit qilish, shunday harakatlarni sodir etgan aybdor shaxslarni ma`muriy va jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi normalar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga, Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

Shu bilan bog`liq jinoyat ishlarini yuritish tartibini belgilash maqsadida Jinoyat-prosessual kodeksga mos ravishda o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar