Prezident Shavkat Mirziyoev 16 aprel kuni transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, so`nggi yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti modernizasiya qilinib, yo`lovchilarga sharoit yaxshilandi. Xizmat turlari, ro`yxatdan o`tkazish va samolyotga chiqish yo`laklari ko`paytirildi. Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo`nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Hozirgi kunda aeroportdagi uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, ro`yxatdan o`tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish quvvati soatiga 1 ming 200 kishidan 2 ming 400 nafarga etadi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat ko`rsatish quvvati 300 tonnaga etadi.
Ma`lumki, 2022 yil 29 avgustda Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga poydevor qo`yilgan edi. U erda ko`p qavatli uylar, maktab va bog`chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.
Loyihaga ko`ra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo`ladi, 4 ming talaba ta`lim oladi. Universitet qoshida iste`dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham bo`ladi. Shu tariqa, bu erda o`qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasi yo`lga qo`yilib, ta`lim klasteri yaratiladi.
Taqdimotda universitet konsepsiyasini boyitish bo`yicha fikr almashildi. Yoshlarning tadqiqotlari uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yo`nalishlarini joriy qilish muhimligi ta`kidlandi.
Yana bir mutafakkir bobomiz Abu Rayhon Beruniy ham xalqimizning faxru g`ururi. Uning hayot yo`llari, jahon ilm-faniga qo`shgan beqiyos hissasini ulug`lash maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Beruniy tumani markazida muzey tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli bo`lib, eng ilg`or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo`llanilishi mo`ljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniyning muazzam haykali o`rnatiladi.
Taqdimotda mazkur loyihalar bo`yicha bir nechta takliflar ko`rib chiqildi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish, qulayliklarni oshirish va sifatli qurish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.