1

Prezidentga xususiylashtirish dasturi bo`yicha axborot berildi

Siyosat 17.04.2024, 23:00
Prezidentga xususiylashtirish dasturi bo`yicha axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoevga 2024 yilgi xususiylashtirish dasturi va uning ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Shu yil 16 yanvar kuni iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo`yicha o`tgan videoselektor yig`ilishida Vazirlar Mahkamasiga yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi qo`yilgan edi. Shunga asosan, davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va ko`chmas mulk ob`ektlari samaradorlik jihatidan tahlil qilinib, yangi dastur ishlab chiqildi.

Xususan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan 250 ga yaqin ulushlar ro`yxati, davlat ishtirokidagi korxonalarning qariyb mingta ko`chmas mulk ob`ekti ro`yxati, mahalliy fond bozorida aksiyalarning ommaviy taklifi o`tkaziladigan 12 ta korxona ro`yxati shakllantirildi.

Ilgari savdoga qo`yilgan ayrim inshootlar sotilishida ham muammolar bor. Buni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida qator engilliklar belgilanmoqda.

Masalan, davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang`ich bahosi 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi. 2024 yil 1 yanvargacha auksion orqali ijaraga olganiga kamida 5 yil bo`lgan va majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga davlat mulkini baholangan qiymatda sotib olish taklif etiladi.

Qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) boshlang`ich qiymati 30 foizigacha, 6 oyda sotilmaganda 10 foizigacha pasaytiriladi. To`lovlarning 15 foizini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo`lib-bo`lib to`lash imkoniyati yaratiladi.

Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan ko`chmas mulklarning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun to`lovlarni Xususiylashtirish jamg`armasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yangi dastur doirasida, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun hamda xalqaro avtomobil yo`llari bo`yida savdo va servis ob`ektlarini joylashtirish uchun savdolarga chiqariladigan er uchastkalarining ro`yxatlari shakllantirildi hamda ularni savdoga chiqarish soddalashtirildi.

Bu borada ham yangi tartiblar belgilash taklif etilmoqda. Jumladan, master-reja asosida xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo`llari bo`yida joylashgan er uchastkalari zamonaviy servis va savdo-maishiy ob`ektlarni qurish uchun auksionga chiqariladi. Sotilgan er uchastkalari xaridorga cheklovlarsiz rasmiylashtirib beriladi.

Yig`ilishda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformasiya qilish va xususiylashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratilib, buni jadallashtirish bo`yicha takliflar muhokama qilindi.

Agrar sohaga xizmat ko`rsatuvchi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish chora-tadbirlari ham ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari bu jarayonlarni jadallashtirish, xususiylashgan bino-inshootlar negizida tadbirkorlikni rivojlantirib, ko`proq ish o`rinlari ochish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

O`z sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, samarasiz foydalanilayotgan va bo`sh turgan aktivlarni sotish mahalliy hokimlik va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifalaridan bo`lishi kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1