1

Yangi elchi Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi

Siyosat 02.05.2024, 09:00
Yangi elchi Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi

O`zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher Qayumov Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

O`zbekiston elchisi sharafiga "Istana" hukumati qarorgohida faxriy qorovul saf tortdi.

Singapur Prezidenti bilan suhbat chog`ida 2023 yilda amalga oshirilgan oliy darajadagi o`zaro tashriflardan so`ng alohida jadallik kasb etgan ko`p qirrali O`zbekiston-Singapur hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Singapur rahbari O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritish, barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini ta`kidladi.

O`zbekistonning xalqaro biznes, jumladan, singapurliklar uchun jozibadorligi tobora ortib borayotgani, buning yaqqol isboti sifatida Singapur parlamenti spikeri boshchiligidagi va 25 dan ortiq ushbu davlat kompaniyalari vakillaridan iborat delegasiyasi bo`lajak Toshkent xalqaro investisiya forumida ishtirok etishi ta`kidlandi.

Suhbat yakunida Singapur Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa`y-harakatlarga har tomonlama hissa qo`shishga tayyorligini bildirdi, shuningdek, O`zbekiston rahbariyati va xalqiga o`zining ezgu tilaklarini yo`lladi.

Eslatib o`tamiz, Alisher Qayumov Singapurga mart oyi o`rtalarida tashrif buyurgan edi. U O`zbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) o`rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) bo`lib ishlagan Qahramon Shokirov o`rniga tayinlandi. Yangi elchi Singapurga tayinlanishidan oldin O`zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida maslahatchi bo`lib ishlagan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1