AsosiyJamiyat

Prezident BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbarini qabul qildi

'Prezident  BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbarini qabul qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev  BMT Bosh kotibining o`rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

O`zbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi.

Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini qo`llab-quvvatlagani uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun O`zbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahrida bo`lib o`tgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yig`ilishi muvaffaqiyatli yakunlangani ta`kidlandi.

BMT Bosh kotibining o`rinbosari, shuningdek, O`zbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitasiya qilish va jamiyatga qayta integrasiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish bo`yicha sa`y-harakatlarini yuqori baholadi.

O`zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o`rtasidagi hamkorlikning yangi yo`nalishlarini nazarda tutuvchi 2024–2025 yillarga mo`ljallangan yangilangan "yo`l xaritasi" imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yoshlarni ekstremizm va terrorizm g`oyalarining buzg`unchi ta`siridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qo`shma tadbirlarni o`tkazish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Afg`oniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro e`tiborni kuchaytirish, afg`on xalqiga gumanitar yordam ko`rsatishni davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar