Shavkat Mirziyoev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdog`anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
O`zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan ta`kidlandi.
O`zaro tovar ayirboshlash va investisiya ko`rsatkichlari o`smoqda, qo`shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo`shma madaniy tadbirlar o`tkazilmoqda.
O`zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o`rtasida samarali aloqalar yo`lga qo`yilgan.
Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O`zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta`minlashda do`stlik guruhlari va tegishli qo`mitalarning faol ishtiroki muhim ekani ta`kidlandi.
Investisiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va ta`lim almashinuvlarini rag`batlantirishga alohida e`tibor qaratildi.
Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.